Tokio Olimpiadasining qoldirilishi musobaqani sabrsizlik bilan kutayotgan muxlislar ko‘nglini xira qilgani tabiiy. Biroq vaziyat shuni taqozo qilmoqdaki, avvalo, unda sportchi va delegasiya vakillari, ko‘p sonli sayyohlar salomatligini ham o‘ylash lozim. Bu qarorga ulkan tajribaga ega bo‘lgan sportchilar ham ijobiy fikr bildirishmoqda. Jumladan, velosport bo‘yicha terma jamoamiz vakili, Tokio-2020 Olimpiada lisenziati Olga Zabelinskaya ham. Quyida hamyurtimizning Olimpiadaning bir yilga surilgani, oldindagi rejalari haqidagi fikrlarini havola qilamiz:

– Barcha kutgan Olimpiadaning kechiktirilishi haqidagi qarorni qanday qabul qildingiz?
– Menimcha, bunday qaror vaziyatdan oqilona chiqib ketish mumkin bo‘lgan yagona to‘g‘ri yo‘l. Boisi ayni paytda ko‘pchilikda shug‘ullanish uchun imkoniyat yo‘q. Bir qator sport turlarida esa hatto lisenziyalar taqsimlab bo‘linmagan. Nima bo‘lganda ham Olimpiada muxlislar uchun haqiqiy bayram. Hozirgi holat hech kimga bayramdek tatimas edi. Shu o‘rinda koronivirusning keng tarqalishini oldini olish uchun hammaning uyda qolishini va shifokorlar tavsiyalariga rioya qilishlarini so‘rab qolaman.

– Sizningcha, bu qaror sportchilarning tayyorgarligiga qanday ta’sir o‘tkazadi?
– Boshqa sport turlari haqida gapirishdan yiroqman. Velosport nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, biz bir yilda bir necha bor yuqori sport formasiga chiqishimiz mumkin. Shu bois Olimpiadaning bir yilga surilishi juda katta rol o‘ynamaydi. Hatto Tokiodan keyin sportni yakunlashni rejalashtirganlarga ham.

– Vaziyatdan kelib chiqqan holda qanday reja tuzdingiz?
– Umuman olganda, 2021 yil mobaynida Respublikamizda xotin-qizlar sportini rivojlantirishga bor e’tiborimni qaratmoqchi edim. Hukumat va federasiya rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘zbekistonda professional jamoa tuzish uchun yetarli imkoniyat bor. Bu yosh sportchilarga ulkan motivasiya beribgina qolmay, ushbu sportning yurtimizda yanada rivoj topishida katta hissa qo‘shadi. Ayniqsa, xotin-qizlar misolida. O‘zbekistonda sog‘lom millat voyaga yetkazish uchun ulkan zaxira bor.