O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Muhokamalarga o‘tishdan oldin davlatimiz rahbari yana bir bor xalqimizga murojaat qildi va, jumladan, shunday dedi:

«Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus kasalligiga chalinganlar soni 221 taga yetdi. Ming afsuski, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bemorlardan 2 nafari vafot etdi. Ularning oila a’zolari va yaqinlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur ta’ziya bildirib, sabr-toqat va bardamlik tilayman . . .

Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang».

Davlatimiz rahbarining xalqimizga qilgan murojaati sportchilarimizni ham befarq qoldirmadi. Ayni paytda karantinni uy sharoitida o‘tkazayotgan olimpiya terma jamoalari a’zolari ham Prezidentimizning ushbu murojaat va mulohazalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

«Murojaatni katta hayajon bilan tingladik. Biz ham karantin tartibiga qat’iy rioya qilgan holda shifokor va mutaxassislar tavsiyalariga quloq tutib, mashg‘ulotlarni uy sharoitida olib boryapmiz. Albatta, bahorgi kunlar uzaygan, vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun esa odam biror sevimli ish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Jismoniy tarbiya va sport bu borada katta yordam berishiga ishonaman«, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Iroda To‘laganova.

O‘z navbatida Prezidentimizning mazkur murojaati haqida fikr bildirar ekan boks bo‘yicha jahon chempioni Bahodir Jalolov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi: «Davlatimiz rahbarining yurtimiz yoshlariga qarata: «Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang», degan da’vatlari bizni yanada ruhlantirdi. Biz sportchilar ham shu fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan holda uy sharoitida o‘zingizga maqbul mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishingizni, uyda qolib, oilangizni, yaqinlaringizni xavfdan xoli holda bo‘lishini ta’minlashingizga chorlab qolaman».

«Prezidentimizning murojaati biz sport ahliga kuch va qanot berdi. Biz yurtboshimizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va shu bilan birgalikda koronavirusga qarshi kurashda matonat va jasorat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga, bizning xavfsizligimizni ta’minlab turgan ichki ishlar, harbiylar va milliy gvardiya xodimlariga cheksiz minnatdorchilik izhor qilamiz. Bu pandemiya xalqimizni yanada birlashtirdi. Aminmanki, biz yakdillik bilan bu virusni yenga olamiz», – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Shahrullo Mahmudov.

Yurtboshimizning bu boradagi fikrlari bizni yanada ruhlantirdi. Muhtaram Prezidentimizning sport ilm-faniga ham yuksak e’tibor qaratishlari bizga yanada kuch bergan. Biz olimlar ham mana shunday kunlarda bor g‘ayratimizni safarbar qilishga va’da beramiz. Bu davrda biz ham masofadan o‘z izlanishlarimizni davom ettiramiz”, – deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport universiteti professori Fikrat Kerimov.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Birodar Abduraimov bu masalaga quyidagicha izoh berdi: “Muhtaram Shavkat Miromonovich boshchiligida sportga qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq yoshlarimiz katta-katta marralarni zabt etishmoqda. Prezidentimizning mana shunday sinovli kunlarda ham xalqimizni birdamlikka chaqirayotganlari, yoshlarimizni jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga undayotganlarini ko‘rib yanada g‘ururlandim. O‘z navbatida biz ham yoshlarimiz qatori har kuni jismoniy tarbiya mashqlarini sira kanda qilmaymiz”.