Xalqaro stol tennisi federasiyasi (ITTF) 2023 yilgi jahon chempionatiga mezbon mamlakatni aniqlab oldi. Dunyo birinchiligini qabul qilish uchun Germaniyaning Dyusseldorf va Janubiy Afrika Respublikasining Durban shaharlari da’vogarlik qildi. Ovoz berishlar yakuniga ko‘ra Durban shahri jami 90 ta (69,77 foiz) ovoz bilan 2023 yilgi jahon chempionatiga mezbonlikni qo‘lga kiritdi.

Bu Durban shahri uchun tarixiy kunga aylandi. Sababi hali hech qachon stol tennisi bo‘yicha jahon chempionati Afrika qit’asida tashkil etilmagan. Mazkur yil uchun mo‘ljallangan jahon chempionati 2021 yilning fevral-mart oylariga qoldirilgan. Biroq 2021 yil uchun atalgan dunyo birinchiligining muddati hali rasman tasdiqlanmagan. Shu tariqa, ushbu sport turi muxlislarini kelasi yil katta ehtimolda Olimpiya o‘yinlari va 2 ta jahon chempionati kutib turibdi.