Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida shaxmat bo‘yicha Grand Chess Tour 2026 turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning ikkinchi bosqichi — Super Chess Classic musobaqasida 8-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov musobaqaning 4-o‘rinida borayotgan, niderlandiyalik Yorden van Forestga qarshi bahs olib bordi. Raqib partiya boshida hamyurtimizga nisbatan kuchli bosim uyushtirdi. Agar Sindarov bir marta bo‘lsa ham kichik xatoga yo‘l qo‘ysa, ustunlikka to‘laligicha Van Forest tomoniga o‘tib ketgan bo‘lar edi. Ammo Javohir o‘ylash uchun ko‘p vaqt sarflagan bo‘lsa-da, eng to‘g‘ri yurishlarni amalga oshirdi.
23-yurishga kelib esa raqib xatoga yo‘l qo‘ydi va o‘z piyodasini tekinga berib qo‘ydi. Yorden bu orqali Javohirning shohi tomon kuchli hujum tashkil qilmoqchi bo‘ldi. Ammo o‘zbek shaxmatchisida yetarlicha himoya vositasi borligini u sezmay qoldi. Natijada ustunlik Sindarov tomonga o‘tdi va u o‘z ustunligini oshirib bordi. Biroq vaqt tanqisligi tufayli vatandoshimiz 29-yurishda noaniq harakat qilishi oqibatida vaziyat tenglashib qoldi.
O‘yin durangga qarab ketayotgandi, ammo 47-yurishda van qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Javohir Sindarov esa bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmadi va bahsni g‘alabaga qadar olib bordi. Natijada Yorden van Forest 53-yurishda mag‘lubiyatni tan oldi. Boisi, bir nechta yurishdan keyin raqibni mot kutayotgandi.
8-turdan so‘ng Javohir 4,5 ochko bilan 7-o‘rindan 3-o‘ringa ko‘tarildi. 9-turda Sindarov amerikalik Uesli Soga qarshi oq donalarda o‘yin o‘tkazadi.