18-20 fevral kunlari Isroilning Tel-Aviv shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri bo‘lib o‘tdi. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga lisenzion ochko beruvchi musobaqada terma jamoamiz vakillari ham munosib ishtirok etishdi. Quyida ushbu musobaqa atrofidagi raqamlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Musobaqada terma jamoamiz 11 nafar sportchi bilan ishtirok etdi. Umumiy hisobda esa 60 mamlakatdan 418 nafar atlet qatnashdi. Turnir davomida 14 ta medallar jamlanmasi o‘ynalgan bo‘lsa, 24 davlat sportchilari shohsupaga ko‘tarilishdi. Unda 1 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan terma jamoamiz umumjamoa hisobida 8-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, musobaqada Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, Sardor Nurillayev hamda Muhriddin Tilovov (ikkisi ham -66 kg) bronza medaliga sazovor bo‘lishgan edi. Yakunda Tel-Avivda qatnashgan jamoamiz a’zolari quyidagi reyting ochkolarini o‘z hisoblariga qo‘shib qo‘yishadi:

-60 kg: Diyorbek O‘razboyev – 10
-66 kg: Sardor Nurillayev – 500
-66 kg: Muhriddin Tilovov – 500
-73 kg: Jaloliddin Boynazarov – 120
-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev – 1000
-90 kg: Davlat Bobonov – 10
-100 kg: Muhammadkarim Xurramov – 10
+100 kg: Alisher Yusupov – 260
+100 kg: Shohruh Baxtiyorov – 160
-52 kg: Diyora Keldiyorova – 10
-70 kg: Gulnoza Matniyazova – 10

Ana endi jamoamiz 5-7 mart kunlari poytaxtimizda o‘tadigan “Katta dubulg‘a” musobaqasida ishtirok etadi. Reglamentga ko‘ra, musobaqa mezboni bunday turnirda har bir vaznga 4 tadan, jami 56 nafar ishtirokchisini qo‘yishi mumkin.