Senegal terma jamoasi sobiq hujumchisi El-Xadji Diuf vatandoshlarining hozirgi avlodi 2026 yilgi Jahon chempionatida muvaffaqiyat qozonishga qodir ekanligiga ishonch bildirdi.
«Afrika Millatlar Kubogi biz uchun Jahon chempionati oldidan chigal yozib olish mashg‘uloti bo‘ldi. Biz qanchalik kuchli ekanligimizni bilamiz. Odamlar Senegal shunchaki yaxshi jamoa emas, balki haqiqiy futbol instituti ekanligini tushunishmoqda», – dedi Diuf Sky Sports nashriga bergan intervyusida.
«Hozir ular yaxlit bir mexanizm kabi ishlashlari va har qanday turnirga tayyor bo‘lishlari kerak. Ruhiy jihatdan har qanday musobaqaga tayyor ekanligimizni bilaman. Bizda katta futbolchilar, kuchli jamoa bor va biz Afrika Millatlar Kubogida g‘olib chiqdik. Nima uchun Jahon chempionati finaliga chiqqan birinchi Afrika terma jamoasi bo‘lmasligimiz kerak? Agar futbolchilar bunga ishonishsa, bunday natijaga erisha olishadi», – deya qo‘shimcha qildi u.
Senegal futboli afsonasi, shuningdek, jamoaning so‘nggi bir yil ichida o‘rtoqlik uchrashuvlarida Angliya va Braziliya ustidan qozongan g‘alabalarini ham yodga oldi.
«Agar siz Braziliyani mag‘lub eta olsangiz va Angliyada Angliya ustidan g‘alaba qozona olsangiz, demak, har qanday jamoani yengishga qodirsiz. Hamma narsa o‘ziga bo‘lgan ishonchga bog‘liq. Fransiyaga qarshi o‘yin ulkan voqea bo‘ladi. Butun Senegal xuddi 2002 yildagidek g‘alabani kutmoqda. Yigitlarimiz shunchaki ishonishlari kerak: siz buni uddalay olasiz», – deya ta’kidladi sobiq hujumchi.
JCH-2026 guruh bosqichida Senegal terma jamoasi Fransiya, Norvegiya va Iroqqa qarshi bahs olib boradi. Afrika jamoasining ilk raqibi Fransiya bo‘ladi, o‘yin 16 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.