«Real» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan Ispaniya chempionatining 25-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Real Sosyedad»ga qarshi o‘yin (1:1) borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
«Biz yaxshi o‘yin o‘tkazdik. Balki, uchrashuvning boshini yaxshi o‘tkazmagandirmiz, ammo birinchi bo‘limda golga tortadigan yaqqol vaziyatlar yaratdik. Ammo ularni golga aylantira olmadik. O‘z uyimizda ikki ochko yo‘qotdik, g‘alaba qozona olmadik. Raqibimiz ham yaxshi o‘yin o‘tkazdi.
O‘yin sxemamizni o‘zgartirdik, chunki raqibga yetarli bosim o‘tkaza olmayotgandik. Ammo oradan 10-15 daqiqa o‘tib biz uchun 4-3-3 sxemasi yaxshi ekanini tushunib yetdim. O‘zgartirish tufayli o‘yinimiz yaxshi tomonga o‘zgardi.
Bir soatdan keyin jamoa charchab qolgani uchun o‘yinchilarni almashtirdim. O‘yin dinamikasini o‘zgartirish uchun yangi narsalar topishim kerak edi.
Biz xavotirga tushmasdan xotirjamlikni saqlab qolishimiz kerak. Biz yaxshi o‘yin o‘tkazdik va 3-4ta golli vaziyatlar yaratdik. Endi bizga xotirjamlik va dam kerak. Jamoa vaziyatlar yaratmoqda. Shunday ruhda davom etishimiz kerak.
Bugungi o‘yin keyingi turda bo‘ladigan derbiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Zo‘r o‘yin o‘tkazishimiz kerak», — dedi Zidan.