O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi (U16) Dushanbedagi CAFA U-16 turnirida o‘zining ikkinchi o‘yinini o‘tkazdi. Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlariga bu safar afg‘onistonlik o‘smirlar raqiblik qilishdi.
Vatandoshlarimiz birinchi bo‘lim tugashiga 4 daqiqa qolganida hisobni ochishgan bo‘lsa, ikkinchi taymda yana 5ta gol urib, hisobni yirik 6:0 ko‘rinishga keltirib qo‘yishdi. Uchrashuvda Behruz Jumatov va Amirbek Saidov "dubl"ga erishishgan bo‘lsa, Hoshimboyev va Mirzayev bittadan gol muallifiga aylanishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi 1-turda Eron bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagandi. Jamoamiz keyingi bahsni 18 may kuni Tojikistonga qarshi o‘tkazadi.