Italiya chempionatining 37-turi doirasida «Milan» o‘z uyida «Atalanta»ni qabul qilib, juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
"Rossoneri" birinchi bo‘limda ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa-da, raqib darvozasiga yo‘l topa olmadi. Ikkinchi taymda esa mezbonlar g‘alabani o‘z tomonlariga og‘dirishdi.
Dastlab Rafael Leau so‘nggi himoyachidan qochib ketib, yakkama-yakka vaziyatdan to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tkazib, hisobni ochdi. O‘yin tugashiga 15 daqiqa qolganida esa "Milan" himoyachilari o‘z jarima maydonlari yaqinida to‘pni "neradzurri" futbolchisidan olib qo‘yishdi. To‘pni qabul qilgan Teo Ernandes esa raqib jarima maydonigacha yugurib bordi, yo‘l-yo‘lakay bir necha futbolchini aldab o‘tdi va darvozabonni ham dog‘da qoldirdi.
Shu tariqa, "Milan" o‘z ochkolarini 83taga yetkazib, chempionlik sari juda katta qadam tashladi. Masalan, "Inter" bugun "Kalyari" bilan o‘yinda ochko yo‘qotsa yoki "Milan" so‘nggi turda "Sassuolo" bilan kamida durang o‘ynasa ham Skudettoni qo‘lga kiritadi.
Italiya A seriyasi, 37-tur
Milan – Atalanta 2:0 (0:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 56 Rafael Leau, 2:0 – 75 Ernandes.
Milan – Menyan, Kalabriya (Florensi, 80), Tomori, Kalulu, Ernandes, Krunich (Bakayoko, 79), Kessie, Salemakers (Junior Messias, 55), Tonali (Bennaser, 63), Jiru (Rebich, 55), Rafael Leau.
Atalanta – Musso, Xatebur (Skalvini, 79), de Ron, Palomino (Demiral, 80), Gimshiti, Dzappakosta, Froyler, Pashalich (Malinovskiy, 55), Pessina (Boga, 70), Kopmeyners, Muriel (Sapata, 55).
Ogohlantirishlar: Jiru (44), Kopmeyners (53), Kessie (67), Malinovskiy (87), Bennaser (90).