Superliga 10-turida o‘z maydonida «Bunyodkor»ni mag‘lub etgan «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko o‘yin, raqib, asosiy tarkibda Nazarovning maydonga tushirilishi va qaysi futbolchilar yoshlar jamoasiga asosiy tarkibga kirishi mumkinligi haqidagi savollarga javob berdi.
«Ikki teng kuchli jamoalar o‘yinida g‘alabaga munosibi yutdi. Bugun biz turnir jadvalida yonma-yon borayotgan ikki munosib raqibning o‘yinini kuzatdik. Aytishim mumkinki, o‘yin jihatidan ham, sifat jihatidan ham jamoalar bir-biriga yaqinroq. Bugun kim birinchi gol ursa, shu jamoa yutardi. Quvonarli tomoni, bu golni biz urdik», - dedi Levchenko.
«Avvalgi o‘yinlarda ayrim futbolchilar biroz charchab qolishdi. O‘yinlarda rotasiya qilishga majbur bo‘layapmiz. Bugun kim ko‘proq tayyor bo‘lsa, shular maydonga tushayapti. Qolaversa, bugun zaxiradan maydonga tushirilgan yoshlar ham o‘yinga yaxshi kirishishdi».
“To‘rayev hozirgacha barcha o‘yinlarda maydonga tushgandi. So‘nggi uchta o‘yinimizda 6 ochko yo‘qotdik, shuning uchun balki dam olishi kerakdir deb unga dam berdik. Nazarovni «Yunired»ga qarshi o‘yinini kuzatdik va yomon taassurot qoldirmadi, deya olaman. Bugun shu bois unga imkon berdik”.
«Yoshlar jamoasi o‘yinlarini kuzatib borayapmiz. Ular orasida Valiyev, Ro‘ziyev kabi yoshlarni ajratib ko‘rsata olaman. Ular asosiy tarkibga ham jalb qilinayapti. Boshqalar ham jalb qilinishi mumkin. Hozir ularning yoshlar tarkibida o‘ynab mahorat to‘plashlari foydaliroq. Ularni kuzatayapmiz va asosiy tarkibga jalb etish uchun doim tayyormiz».