«Paxtakor» – «Andijon» (3:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev qatnashdi.
— Muxlislarga yoqadigan hujumkor o‘yin bo‘ldi. Dastlabki 10-15 daqiqada o‘yinga kirishib ketishimiz qiyinroq kechdi. 15-daqiqadan keyin uchrashuv nazoratimiz ostida o‘tdi. Bugun zaxiradan maydonga tushirgan futbolchilarimiz ham o‘yinni kuchaytirdi.
— «Paxtakor» oldingi uchrashuvlarga qaraganda hujumda sermahsullik ko‘rsatdi, 3 ta gol urdi. Bu raqibni «Paxtakor»ga nisbatan ochiqroq o‘ynagani bilan bog‘liqmi yoki jamoangizda oldingi chiziq ideal o‘ynadimi?
— «Andijon»ni o‘yinlarini ko‘rib, tahlil qildik. O‘zimiz ham hujumkor o‘yinni tanladik, 4 ta himoyachi bilan tushdik. Gol urishimiz kerak. OCHLda o‘yinimiz bor. Oldingi chizig‘imizda muammoimiz bor edi. Mashg‘ulotlarda buning ustida ishladik va ushbu uchrashuvda shu narsani ko‘rib olishimiz kerak edi. Shu bois hujumkor tarkibni tashladik.
— Otabek Jo‘raqo‘ziyev hujumni kuchaytirish uchun olingandi. Uning o‘yinida pasayish paydo bo‘lgandek taassurot qoldiryapti. Bu nima bilan bog‘liq?
— Otabek oldinda o‘ynaydi. Yangi jamoaga kelganda kirishib ketishga ham vaqt kerak. «Paxtakor»ga kelib hamma ham birdaniga o‘ynab ketavermaydi. Buning ustida ishlayapmiz. Hozirda biz uni chap qanotda ko‘ryapmiz.
— Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Muhammadali O‘rinboyevni o‘yinidan qanchalik qoniqdingiz? Shuningdek, Diyor Xolmatov nima uchun tarkibda ko‘rinmadi?
— Albatta, O‘rinboyevdan qoniqdik. Maydonga chiqdi, gol urdi, qoyil. O‘z ustida ishlashda davom etsa, har uchrashuvda maydonga tushadi. Xolmatovga kelsak, jarohat olgan va davolanyapti.
— Dilshod Saitov birinchi bo‘limda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi...
— Anchadan beri o‘ynamagandi. Menimcha, o‘yin ritmiga kirishda qovushib keta olmadi. U ko‘proq o‘ynashi kerak.