OKMK professional futbol klubi markaziy himoyachisi Avazbek O‘lmasaliyev bilan shartnoma muddati ikki yilga uzaytirildi. Endilikda tajribali futbolchi 2026 yilning so‘nggiga qadar «konchilar» sharafini himoya qiladi.
Avazbek O‘lmasaliyev 2024 yilgi Superliga mavsumida OKMK FK safida 13 o‘yinda maydonga tushib, jami 1074 daqiqa davomida samarali harakat qilgan va 2 ta gol urgan. Shuningdek, himoyachi O‘zbekiston Kubogi bahslarida 3 ta o‘yin o‘tkazib, jami 267 daqiqa davomida maydonda harakatlangan va 2 bor golli uzatmani amalga oshirgan.
"24 yoshli iqtidorli futbolchi Avazbek O‘lmasaliyev OKMK FK jamoasining ahil oilasida o‘zining muhim o‘rnini mustahkamlab, jamoaning strategik rejalarida asosiy figuralardan biri sifatida faoliyat olib bormoqda. Uning barqaror o‘yini, ishonchli himoyasi va maydondagi yetakchilik qobiliyatlari nafaqat jamoa murabbiylari va rahbariyati tomonidan, balki klub muxlislari tomonidan ham yuksak e’tirofga sazovor bo‘lib kelmoqda", — deyiladi OKMK matbuot xizmati tarqatgan xabarda.