«Real»ning sobiq hujumchisi va direktori Predrag Miyatovich Madrid klubi Kilian Mbappe yoki Vinisius Juniordan birini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerak deb hisoblaydi.
– Mourinyo kelishidan qat’i nazar, jamoada jiddiy o‘zgarishlar kerak deb o‘ylaysizmi?
– Bu mavsumda yomon natijalar haqida ko‘p gapirdik. Men doim gap murabbiyda emas, balki o‘yinchilarning o‘zida deb ta’kidlab kelganman. Menimcha, sovrinsiz o‘tgan ikki yildan keyin qiyin qarorlar qabul qilish, o‘zgarishlar kiritish va boshqalarni sotib olish uchun ayrim futbolchilar bilan xayrlashish vaqti keldi.
Bu yozda ko‘p narsani o‘zgartirish kerak. Balki hozirda jamoa kumiri bo‘lib turgan ayrim o‘yinchilarni sotish haqida o‘ylab ko‘rarmiz. O‘zgarishlar zarur, chunki bizda g‘alaba qozonish bosimi bor. Bundan tashqari, men ashaddiy muxlisi bo‘lgan Mourinyuni taqdir hukmiga tashlab qo‘ymasdan, unga zamonaviy futbolga moslashgan jamoa berishimiz kerak.
– Siz Mbappe yoki Vinisiusni sotishni ko‘rib chiqqan bo‘larmidingiz?
– Ha, balki ulardan birini sotish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerakdir. Bu haqiqat. Bu qarorni yangi murabbiy va sport bo‘limi bilan birgalikda qabul qilishimiz, aynan kimni sotishni kelishib olishimiz lozim.
Ko‘zni yumib, «ikkalasi ham qolsin» deyish — katta xato. Futbol shuning uchun ham murakkab sport turi — ba’zan juda qiyin qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Sizni dastlabki olti oy davomida tanqid qilishlari, xato qilishingiz mumkin, lekin o‘zgarishlar qilish shart. Aks holda vaziyat yaxshilanmaydi, — dedi Miyatovich.