Yaqinlashib kelayotgan Xarbin-2025 qishki Osiyo o‘yinlarida tog‘ chang‘ichilarimizdan umid katta. Xususan, Olimpiya o‘yinlarining ikki karra ishtirokchisi Komiljon To‘xtayevdan. Sportchimiz hozirda Italiyada so‘nggi tayyorgarlikni olib bormoqda.
– Bo‘lajak O‘yinlarga tayyorgarlik qanday ketmoqda?
– Bu mening faoliyatimdagi yangi musobaqa. Tayyorgarlik ko‘ngildagidek o‘tyapti. Mashg‘ulotlarda har bir burilishdan so‘ng tezlikni oshira olishim uchun muvozanatni saqlab turishga harakat qilyapman. Hozir e’tibor qaratishim kerak bo‘lgan asosiy jihat shu.
– Xarbinda o‘z oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz?
– Qishki Osiyo o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilish uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Biroq sportda oldindan biror narsani aytish qiyin. Eng asosiysi – trassani imkon boricha tezroq va xatolarsiz bosib o‘tish. Mana shu muhim ikki ishni amalga oshira olgan sportchi o‘zi uchun medalni kafolatlashi mumkin bo‘ladi.
– Medallar uchun raqobatda kimlarni sanab o‘ta olasiz?
– Sharqiy mamlakatlarda startga chiqmaganimga ancha bo‘lgan. Ko‘plab chang‘ichilar, ularning imkoniyatlari haqida ma’lumot deyarli yo‘q. Lekin ushbu sportning davlatlardagi rivojlanganlik holatidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Janubiy Koreya va Yaponiya jamoalari asosiy raqobatchi bo‘ladi.