«Atletiko» kelasi mavsumni rejalashtirishni boshladi va asosiy vazifalardan biri — Antuan Grizmannga munosib o‘rinbosar topish hisoblanadi. Agar MLSdan jiddiy taklif tushsa, fransuz hujumchisi yozda «Metropolitano»ni tark etishi mumkin. Shu munosabat bilan klub ofisida eng ko‘p muhokama qilinyotgan nom — Marko Asensio.
Hozirda «Aston Villa»da ijara asosida to‘p surayotgan «PSJ» futbolchisi o‘zining eng yaxshi sport formasiga qaytdi va juda kuchli mavsum o‘tkazmoqda. Uning mahorat darajasi, ko‘p funksiyali salohiyati hamda yuqori darajadagi musobaqalardagi tajribasi Diyego Simeone uchun jozibador variantga aylantirmoqda. U aynan shunday — hal qiluvchi paytlarda o‘yin taqdirini o‘zgartirishga qodir hujumchini izlamoqda.
Asensio hali ham «Pari Sen-Jermen» futbolchisi hisoblanadi, ammo klub uni almashtirib bo‘lmas deb hisoblamaydi va futbolchiga yaqin manbalarga ko‘ra, uning transferi bo‘yicha muzokaralarga tayyor. So‘ralgan summa taxminan 20 million yevroni tashkil qiladi. Bu «Atletiko» uchun imkoniyat darajasidagi mablag‘ hisoblanadi.
Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, ushbu mavsumda Asensio barcha musobaqalarda «Aston Villa» safida 11 ta o‘yinda 8 ta gol va 1 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.