Italiyalik Yannik Sinner Madridda o‘tgan professional tennischi erkaklar (ATP) o‘rtasidagi Masters seriyasiga kiruvchi turnir finalida germaniyalik Aleksandr Zverevni mag‘lubiyatga uchratdi.
Turnirda 1-raqam ostida saralangan Sinner 2-raqamli Zverev ustidan 6:1, 6:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Sinner uchun bu Masters turkumidagi ketma-ket beshinchi chempionlik bo‘ldi. U ushbu musobaqalar joriy etilgan 1990 yildan beri bunday natijaga erishgan ilk tennischi bo‘lib tarixga kirdi. Bungacha serbiyalik Novak Jokovich (uch marta) va ispaniyalik Rafael Nadal (bir marta) ketma-ket to‘rttadan turnirda g‘olib chiqqan edi. Italiyalik sportchi joriy mavsum boshidan buyon o‘tkazilgan barcha to‘rtta Mastersda (Indian-Uells, Mayami, Monte-Karlo va Madrid) zafar quchdi. Mavsum boshidan beri ketma-ket uchta shunday turnirda g‘alaba qozonish faqat Jokovichga (2015 yilda) nasib qilgan edi.
Sinnerning Masterslardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi o‘tgan yil oxirida Parijdagi turnirdan boshlangan. U ushbu toifadagi musobaqalarda jami 28 ta o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozondi – bu tarixdagi uchinchi ko‘rsatkichdir. Undan ko‘proq natijani faqat Jokovich (31) va Rojer Federer (29) qayd etgan. Sinner so‘nggi bor Shanxay Masters turnirida niderlandiyalik Tallon Griksperga qarshi bahsda jarohat tufayli o‘yinni davom ettira olmagan va musobaqani tark etgan edi.
Endilikda Sinnerning hisobida taqvimdagi to‘qqizta Mastersdan sakkiztasining bosh sovrini bor. Rim turniri u hali g‘olib bo‘lmagan yagona musobaqa bo‘lib turibdi. Agar u Italiya poytaxtida ham zafar quchsa, Jokovichdan keyin barcha Masters musobaqalarida quchgan ikkinchi tennischiga aylanadi. Buning uchun u joriy yoki kelasi mavsumda g‘alaba qozonishi lozim, chunki 2028 yildan taqvimga Saudiya Arabistonida o‘tadigan o‘ninchi Masters ham qo‘shiladi.
Rim turniri joriy yilning tuproq qoplamasidagi so‘nggi yirik musobaqasi bo‘ladi va u 6-17 may kunlari o‘tkaziladi. O‘tgan mavsumda Sinner u yerda finalga qadar yetib borib, Karlos Alkarasga imkoniyatni boy bergan edi, biroq ispaniyalik tennischi jarohati tufayli bu yilgi bahslarni o‘tkazib yuboradi.
Yannik Sinner 24 yoshda, jahonning birinchi raqamli tennischisi hisoblanadi. Hisobida 28 ta ATP unvoni bor. “Katta dubulg‘a” turkumidagi turnirlarda to‘rt bor g‘olib chiqqan: Aus Open (2024, 2025), US Open (2024) va “Uimbldon” (2025).
Aleksandr Zverev esa 29 yoshda, ATP reytingida uchinchi o‘rinda. Faoliyati davomida 24 ta ATP turnirida g‘olib chiqqan. Uch bor “Katta dubulg‘a” finalida o‘ynagan, shuningdek, Tokio olimpiadasi chempioni.
Madrid Masters turniri nufuzi bo‘yicha faqat “Katta dubulg‘a” va yakuniy ATP turniridan keyin turadi. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 8,2 million yevrodan ortiqni tashkil etdi.