Tuttosport nashri xabariga ko‘ra, "Bavariya" o‘z akademiyasining sobiq tarbiyalanuvchisi va "Yuventus"ning hozirgi yulduzi Kenan Yildizni o‘z safiga qaytarishdan manfaatdor.
Myunxenliklar yosh iqtidorni Turindagi uch yillik faoliyatidan so‘ng ortga qaytarmoqchi. Turkiya terma jamoasi futbolchisi Regensburgda tug‘ilgan va 2022 yilda shartnomasi tugaganidan keyin turinliklar safiga qo‘shilishdan oldin o‘n yilni "Bavariya" yoshlar tizimida o‘tkazgan.
Hozircha, "Bavariya" "Yuventus"ga ham, futbolchining vakillariga ham birorta rasmiy so‘rov yubormagan, ammo ta’kidlanishicha, italyan grandi Yildizni sotish niyatida emas, ayniqsa, klub Chempionlar ligasiga yo‘llanma olsa, ammo vaziyat o‘zgarishi mumkin. Futbolchining o‘zi esa "Yuventus"da qolishni istamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Yildiz joriy mavsum "Yuventus" safida barcha musobaqalarda 44 ta o‘yinda 8 ta gol va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.