Transfermarkt portali Ispaniya La Ligasi futbolchilarining bozor qiymatini yangiladi. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Madridning “Real” klubi yetakchilaridan uch nafari — Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Federiko Valverdening transfer bahosi sezilarli darajada kamaygan.
Qayd etilishicha, ushbu futbolchilarning umumiy transfer qiymati 70 million yevroga pasaygan.
Eng katta yo‘qotish urugvaylik yarim himoyachi Federiko Valverdeda kuzatildi. 27 yoshli futbolchining narxi 30 million yevroga tushib, ayni paytda 90 million yevro etib belgilangan.
Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappening transfer qiymati esa 20 million yevroga kamaydi. Natijada 27 yoshli futbolchining bahosi 180 million yevroni tashkil qilmoqda. Shunga qaramay, Mbappe hanuz dunyoning eng qimmat futbolchilari qatoridan joy olgan.
Shuningdek, braziliyalik vinger Vinisius Junior ham narxi pasaygan futbolchilar safidan o‘rin oldi. 25 yoshli futbolchining transfer bahosi 10 million yevroga kamayib, hozirda 140 million yevroga teng. Bundan tashqari, angliyalik yarim himoyachi Jud Bellingem ham 10 million yevroga arzonlagan.

Mutaxassislar fikricha, “Real Madrid” yetakchilarining transfer qiymati pasayishiga jamoaning o‘tgan mavsumdagi natijalari hamda futbolchilarning individual ko‘rsatkichlari ta’sir ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, yakunlangan mavsum “qirollik klubi” uchun omadsiz kechdi. Jamoa La Ligada ikkinchi o‘rinni egalladi, UEFA Chempionlar Ligasi bilan chorak final bosqichida xayrlashdi. Shuningdek, Ispaniya Kubogida ham kutilgan natijani qayd eta olmadi.
Biroq futbolchilarning umumiy transfer qiymati bo‘yicha “Real Madrid” La Ligada yetakchilik qilmoqda. “Qirollik klubi” futbolchilarining bozor narxi 1,22 milliard yevroga baholangan. Keyingi o‘rinlarda “Barselona” (1,16 mlrd yevro) va “Atletiko Madrid” (577 mln yevro) jamoalari qayd etilgan.