Jizzax viloyatida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha kichik o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqada yurtimizning barcha hududlaridan iqtidorli va umidli sportchilar ishtirok etib, o‘z mahoratini namoyon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Velosiped sporti federasiyasi tomonidan o‘tkazilgan ushbu chempionatdan ko‘zlangan maqsad "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan – sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning intellektual va jismoniy salohiyatini yuzaga chiqarish kabi vazifalar ijrosini ta’minlashdan iborat.
Chempionat doirasida turli masofalarda guruh poygalari tashkil etildi. Jumladan, o‘g‘il bolalar o‘rtasida 42 kilometr masofaga bo‘lib o‘tgan bellashuvda Emil Valishen (Toshkent viloyati), Shoakmal Shoakmalov (Toshkent shahri) va Mironshoh Bahodirov shohsupaga ko‘tarildi.
Qizlar o‘rtasidagi 21 kilometr masofaga o‘tgan guruh poygasida Omina Tursunova (Sirdaryo viloyati) oltin, Tansolpan Alimbayeva (Toshkent viloyati) kumush, Milana Yarovaya (Sirdaryo viloyati) esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.