BILD xabariga ko‘ra, "Bayer" yozda sotuvga nomzod sifatida hujumchi Viktor Bonifaseni ko‘rib chiqmoqda. Qishda nigeriyalik Saudiya Arabistoni klubiga o‘tishga yaqin turgandi, biroq so‘nggi daqiqalarda kelishuv barbod bo‘ldi. Endi leverkuzenliklar forvard uchun taxminan 50 million yevro olishga umid qilmoqda.
Muammo shundaki, Bonifasening o‘zi endi klubni tark etishni istamaydi. Bu "Bayer"ning yangi bosh murabbiyi Erik ten Xag uchun birinchi "bosh og‘rig‘idir".
Klubning asl rejasi boshqacha edi. Patrik Shikni qoldirish, Bonifaseni sotish va uning o‘rniga yangi forvard bilan shartnoma imzolash. Bonifasening agenti Emefi Aneke bergan izohida vaziyatni tushuntirib berdi.
"Viktor terma jamoaga safaridan so‘ng mavsumni yakunladi. Hozir u ta’tilda, faol mashg‘ulot o‘tkazmoqda, keyin esa mavsumoldi mashg‘ulotlariga qaytadi. Klubda yangi murabbiy, yangi qarashlar bor, ammo jamoa hali ham kuchli va Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Viktor bilan men hech qachon ehtimoliy transfer masalasini muhokama qilmaganmiz", - dedi agent.
2024/25 yilgi mavsumda Bonifase “Bayer” safida barcha turnirlarda 27 ta o‘yin o‘tkazib, 11 ta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan.