O‘zbekiston Superligasining 13-turidan o‘rin olgan "Navbahor" – OKMK jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida "lochinlar"ning 26 yoshli mahoratli darvozaboni Umidjon Ergashev bo‘lajak bahs haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- OKMKga qarshi kechadigan o‘yinning tomoshabop bo‘lishiga ishonchim komil. Boisi, har ikki jamoa chiroyli futbol namoyish etadi. Bo‘lajak uchrashuv keskin kurashlarga boy tarzda kechadi, deb o‘ylayman.
Chempionlik yo‘lidagi kurashni davom ettirishimiz uchun olmaliqliklar bilan bo‘ladigan o‘yinda g‘alaba qozonishimiz shart. Chunki faqatgina yutuq bizni chempionlik poygasiga qo‘shilishimizni ta’minlaydi. Buni jamoamiz a’zolarining barchalari juda yaxshi his qilib turishibdi va bo‘lajak bahsga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik.
Maqsadimiz shanba oqshomida "Markaziy" stadioniga tashrif buyuradigan muxlislarga quvonch ulashish. Bizni g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. Buni amalga oshirish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz, - dedi Umidjon Ergashev.