"Andijon" bugun Tojikiston yig‘ini doirasidagi ilk nazorat uchrashuvini "Esxata" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Aytish joizki, ushbu raqib andijonliklar uchun begona emas. Yodingizda bo‘lsa, ikki yil muqaddam "Andijon" Tojikistonda yig‘in o‘tkazgan chog‘ida aynan "Esxata" bilan o‘rtoqlik uchrashuvida bellashgandi. 2023 yilning 12 iyul sanasida bo‘lib o‘tgan o‘yin qiziqarli va gollarga boy o‘tgan bo‘lib, unda vodiyliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.
O‘shanda "Andijon" safida Farhod Bekmuratov, Ilhom Abdug‘aniyev va Suhrob Berdiyev raqib darvozasini ishg‘ol qilishgan.
"Esxata" ayni paytda Tojikiston oliy ligasida birinchi davradan so‘ng 12 ta klub orasida 13 ta o‘yindan keyin 4 g‘alaba, 5 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etib, musobaqa jadvalida 7-o‘rinni band etib turibdi.
Jamoani mahalliy mutaxassis Shuhrat Umarov boshqarib boryapti. U shu yilning fevral oyida bosh murabbiy lavozimiga tayinlangan.
"Esxata" safida o‘zbekistonlik Izzatilla Tursunov, Sardor Xursandov, Zoir Tursunov, Mirjalol Qosimov, Diyor Shavqiyev, Sanjar Rixsiboyev va Xamidullo Abduhamidov to‘p tepishmoqda.
"Andijon" – "Esxata" bellashuvi "burgutlar" istiqomat qilayotgan "Nasbank" sport sog‘lomlantirish markazining maydonida soat 17:45 da boshlanadi.