«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik APL joriy mavsumining barcha o‘yinlarida ishtirok etgan jamoa himoyachisi Lyuk Shou haqida yuqori fikr bildirdi.
— Lyuk Shouning hozirgacha APLning barcha o‘yinlarida qatnashgani qanchalik ahamiyatli va u buni keyingi mavsumda ham takrorlay oladimi?
— O‘yinlar soni ko‘p bo‘lganda bunga erishish har kim uchun qiyin. Ba’zan bu sening aybing bo‘lmaydi. Afsuski, jarohatlar — futbolning bir qismi va vaziyatga ta’sir qiluvchi boshqa omillar ham bor. Shu bois, har bir o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushish imkoniyati — bu haqiqatan ham fantastik natija. Keyingi mavsum — yangi mavsum va unda turlicha o‘yinlar bo‘ladi. Ko‘p narsa moslashishga bog‘liq, ammo bu shuningdek yosh, tajriba va o‘z organizmiga e’tibor bera olish bilan ham bog‘liq. Lyuk hozir katta tajribaga ega bo‘lgan bosqichga yetdi. U anchadan beri shu yerda va klubni yaxshi biladi. Keyingi mavsumda u nechta o‘yinda maydonga tushishidan qat’i nazar, tajribasi ayniqsa qadrli bo‘ladi.
— Sizningcha, Lyuk Shou, Xarri Maguayr va Kobbi Maynu qatorida Angliya terma jamoasidan joy olishga loyiqmi?
— Men bunga mutlaqo ishonaman, lekin bunga ta’sir o‘tkaza olmayman. Ammo uning barqarorligi va o‘yin darajasi, tajribasi va mahorati shubhasiz. Lyuk — fantastik himoyachi va o‘ylashimcha, ularning uchalasida ham yaxshi imkoniyatlar bor, — deya Kerrikning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda mankunianliklar rasmiy sayti.
Kerrikning Shou haqidagi fikrlari juda o‘rinli. Jarohatlar bilan bog‘liq murakkab davrlardan so‘ng Lyukning bunday barqarorlikka qaytgani va «Yunayted»ning asosiy yetakchilaridan biriga aylangani jamoa uchun katta yutuq. Keyingi yillarda u yosh futbolchilar uchun haqiqiy ustoz bo‘la oladi.