«Yuventus» safida o‘ynagan vaqtda doping mojarosi ortidan 18 oylik diskvalifikasiyaga uchragan fransiyalik yarim himoyachi Pol Pogba joriy yil martda jazodan qutuldi va Liga 1 ishtirokchisi «Monako» bilan rasman kelishuvga erishdi. Yaqinda TF1 telekanali mehmoni bo‘lgan futbolchi «Yuventus»dan ochiqchasiga o‘pkalandi, yana muayyan muddat maydon tashqarisida boshidan nimalarni o‘tkazgani haqida gapirib berdi.
Diskvalifikasiya haqida
- Ochig‘i, o‘sha payt kimdir oldimga kelib, dabdurustdan endi boshqa o‘ynolmasligimni aytgandek tuyuldi. Juda va juda qiyin damlar... Hech kim meni tinglamagani ham mayli, ammo hech qanday tushuntirishlarsiz hukm chiqarishganidan dong qotib qoldim. Ustiga-ustak, farzandlarim «Yuventus» mashg‘ulotlar bazasi yonidagi o‘quv dargohida ta’lim olishayotgandi. Ular har kuni mendan qachon maydonga qaytishimni so‘rashardi. Oxir-oqibat, barchasi chidab bo‘lmas darajaga yetdi hamda Italiyadan ketish yagona choradek ko‘rindi.
«Yuventus»ning
munosabati haqida
- Diskvalifikasiyaga uchragach, «Yuve» rahbarlaridan loaqal fizioterapevt yoki fitnes-murabbiy bilan shug‘ullanib turishimga ruxsat berishlarini so‘radim, axir hamon jamoa futbolchisi edim. Ammo ular yordam berishdan oshkora bosh tortishdi. «Yuve» chindan ham, ochiqchasiga yuz o‘girdi va bu kutilmagan og‘ir zarba bo‘ldi. To‘g‘risi, menga nisbatan bunday munosabat sababini tushunolmadim. Vaholanki, bunga qadar «Yuve»da hech kim bilan qandaydir ziddiyatga borgan emasdim.
Talonchilik va tahdidlar haqida
- Hammasi g‘oyat qayg‘uli voqelik... Axir men uchun qadrli odamlar kun kelib, dushmanimga aylanib qolishlarini tasavvur ham qilolmasdim. To‘g‘risi, bir hududda ulg‘ayganimiz uchunmi, ularni hamisha o‘zimga yaqin olgan va aka yoki ukaday munosabat o‘rnatgandim. Afsus, do‘st ko‘rganlarimning asl yuzlari va maqsadlari keyinroq fosh bo‘ldi...
Qo‘rquv hissi haqida
- O‘lim bilan yuzlashdimmi? Talon-taroj maqsadida yuzingizga qurol o‘qtalganlarida, o‘ylashga ham vaqt qolmaydi va bir zumda barchasiga ko‘nasiz. Avvaliga men ham tahdidlarga qo‘rquv hissi bilan qaradim va hech kimga indamasdan oilamni himoyalashga harakat qildim. Ammo ko‘p o‘tmay, rafiqam atrofimda nimalar ro‘y berayotganini payqab qoldi. Oxir-oqibat, advokatim hamda shaxsiy hisobchim bilan maslahatlashib, talab qilinayotgan summani berishga kelishib oldik. Lekin shundan so‘ng vujudimda nimadir o‘zgardiyu, fikrimdan qaytdim. Ramazon oyida menga yordam bera oladigan yagona zot - Allohga yuzlandim. Ibodat qildim va ishimni O‘ziga topshirgan holda, tegishli idoralarga ariza yozdim. O‘zimcha yakdil qaror chiqardim - taqdirimga o‘lim bitilgan bo‘lsa, pullarim farzandlarim, oilamda qolishi kerak.
Akasi haqida
- Ochig‘i, menga tahdid qilgan jinoiy guruhning boshida akam turgani yuragimga og‘ir botdi, qalbim yaralandi. Axir hamma qatori oddiy odamman. Lekin qondosh qondosh ekan-da, baribir. Xullas, uning menga nisbatan nohaqliklarini unutishni lozim topdim. Tan olaman, hali chandiqlar bor, ammo vaqt o‘tishi bilan barchasi batamom unutiladi. Eng asosiysi, oilamiz parokandalikka uchramadi. Muhimi shu. To‘g‘ri, endilikda hammasi biroz o‘zgardi, ya’ni munosabatlarimiz avvalgidek emas. Shunga qaramay, tez-tez muloqot qilib turamiz, baribir. Shuningdek, o‘sha payt chuqur qayg‘uga botgan onam barchasi ortda qolganini ko‘rishi va stressdan tezroq qutulishi uchun qo‘limdan nima kelsa, barchasini qildim...
Maydonga qaytishi haqida
- Yoshim o‘tib borayotganiga qaramay, o‘zimni hali navqiron yigitdek his qilyapman. Zero, oldingidek to‘p bilan o‘ynash, raqib oldidan dribling ishlatishni yaxshi ko‘raman. Xullas, «Monako» bilan kelishuvga erishgach, katta futbolda endi yo‘lga tushish arafasida turgan Ruassi-an-Bridagi bolakayga aylandim-qo‘ydim. Umid qilamanki, mashg‘ulotlarda astoydil ter to‘kish asnosida tezkor yuqori sport formasiga kiraman va quvnoq harakatlarim bilan muxlislar ko‘nglini qayta zabt etaman.
Manba: jufc.ru, M.PO‘LATOV tayyorladi