"Marsel" bilan o‘yin qoldirilishi "PSJ"ning "Oltin to‘p" uchun rejalarini o‘zgartirib yubordi.
Yakshanba kuni "Velodrom"da bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Liga 1 5-tur uchrashuvi noqulay ob-havo sharoiti tufayli qoldirildi. Uchrashuv bugun, 22 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:00da - "Oltin to‘p"ni topshirish marosimi vaqtida bo‘lib o‘tadi.
L’Equipe xabariga ko‘ra, "PSJ"dan marosimga 40 ga yaqin kishi keladi - bu o‘yin qoldirilishidan oldin rejalashtirilganidan 20 kishiga kam. Parijliklar ustozi Luis Enrike tadbirni o‘tkazib yuborishi aniq, bu haqda u oldindan ma’lum qilgandi.
Hozircha marosimda "PSJ" prezidenti Nosir Al-Helayfiy ishtirok etishi yoki etmasligi noma’lum.
"PSJ" futbolchilaridan Usmon Dembele, Dezire Due va Joau Nevesh ishtirok etishi aniq. Ularning barchasi yaqinlari hamrohligida bo‘ladi.
Marosimda Dembele bilan birga uning oilasi, agenti Mussa Sissoko va ba’zi do‘stlari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Dastlab Dembelega 30 ga yaqin kishi hamrohlik qilishi rejalashtirilgan edi, ammo marosimda hamma ham bevosita ishtirok eta olmaydi.