Ispaniya Primerasining 7-turidan o‘rin olgan «Barselona» — «Real Sosyedad» uchrashuvi yakuniga yetdi. Ushbu bahsda kataloniyaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin Barselonadagi «Olimpik Lyuis Kompanis» stadionida bo‘lib o‘tdi.
Flik shogirdlari o‘yinni faol boshlab, bir qator xavfli vaziyatlar yaratishdi. Ammo mehmonlar posboni ketma-ket 4 ta xavfli vaziyatni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. 31-daqiqada esa Alvaro Odriosola hisobni ochib, basklar jamoasini oldinga olib chiqdi.
Jyul Kunde 43-daqiqada javob golini urdi. U burchakdan yetkazilgan to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Lamin Yamal maydonga tushgach, "ko‘k-anorranglilar"ning hujumlari yanada keskin tus ola boshladi. Aynan uning uzatmasidan keyin 59-daqiqada Robert Levandovski "Barsa"ni oldinga olib chiqdi.
O‘yin tugashiga 3 daqiqa qolganida "Barselona" uchinchi golni urishi mumkin edi. Ammo Levandovski tomonidan yaqin masofadan yo‘llangan zarba natijasida to‘p to‘singa tegib qaytdi.
Ushbu g‘alabadan keyin «Barselona» 19 ochko bilan La Liga turnir jadvalida peshqadamga aylandi. «Real Sosyedad» esa 5 ochko bilan 17-pog‘onada joylashgan.
Keyingi turda katalon klubi 5 oktyabr kuni safarda «Sevilya»ga qarshi bahs olib boradi. Basklar esa o‘sha kuni o‘z maydonida «Rayo Valyekano»ni qabul qiladi.
Ispaniya — Primera. 7-tur
28 sentyabr, yakshanba. 21:30 MSK
«Barselona» - «Real Sosyedad» - 2:1
Gollar: 0:1 - Odriosola – 31'; 1:1 - Kunde – 43'; 2:1 - Levandovski – 59'