Avvalgi mavsum yakunida «Barselona» bilan xayrlashgan tajribali himoyachi Inigo Martines avgust oyiga kelib, Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubi chorlovini qabul qildi. Faxriy futbolchining ushbu yurishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol edi, biroq uning o‘zi Jerar Romero muallifligidagi Jijantes loyihasiga bergan intervyusida hozirgi yoshida bunday taklifni rad etish imkonsiz ekanligini tushuntirdi.
«Barselona»dan ketish qarori
- Xansi Flik bilan bu haqda batafsil gaplashdik va vaziyatni atroflicha muhokama qildik. Yakunda murabbiy ketish qarorimdan hayratda qoldi, baribir. Flikka oldimda qiziqarli taklif borligini aytib, uni ko‘ndirdim. Ha, oson bo‘lgani yo‘q, lekin tezkor qaror qabul qilishim kerak edi. O‘z navbatida, ketishimga to‘sqinlik qilmagani uchun klub rahbariyatidan minnatdorman. Zero, hozir hamma ham bunday yo‘l tutmayapti. Albatta, «Barselona»da o‘zimni jamoaning muhim bir bo‘lagidek his qilardim, har kuni mashg‘ulotlar maydoniga tushishning o‘zi boshqacha zavq bag‘ishlardi. Biroq yoshimni hisobga oldim, qolaversa, faoliyatimning finish chizig‘i ko‘rinayotganini tushungan holda, Saudiyaga yuzlanishni eng to‘g‘ri yo‘l sifatida baholadim. Ha, o‘tgan mavsum faoliyatimdagi eng yaxshilaridan biriga aylandi, ammo Kataloniyada yana bir yil qolib, yetarli o‘yin amaliyoti olish juda qiyinligini teran tushundim.
«Barselona»dagi yosh
iqtidorlarga ishonch
- Xansi Flik qo‘l ostida raqobatbardosh jamoa bor, tarkibda yoshlik g‘ayrati jo‘sh urayotgan, o‘yinga chanqoqligi yuqori yigitlar jamlanishgan. Ochig‘ini aytaman, men hozirgi iqtidorlar yoshida bu darajada katta mas’uliyatni his qilgan emasman. O‘sha vaqt shunchaki, maydonga tushardim va bexato o‘ynashga urinardim. Hozirgi yoshlar esa jahon miqyosida eng zo‘r ekanliklarini isbotlashga urinishmoqda, marrani katta olishmoqda.
Fermin Lopes va Lamin Yamal fenomeni
- Fermin - kiyinish xonasida o‘ziga xos motivator va jamoa tarkibidagi muhim ijrochilardan biri. U har safar maydonga tushganida, avvalo, o‘zi uchun qandaydir yangilik kashf qilishga intiladi. Shuningdek kamtar, doimo jilmayib yuradigan samimiy yigit. Ferminning «Barsa»da o‘z o‘rnini topishiga hech qachon shubhalangan emasman. Jamoadan ketayotganimda esa, unga ozgina maslahat berdim: «Nima qilishingdan qat’iy nazar, xuddi shu kayfiyatda davom et, shunda yetuk futbolchiga aylanasan». Yamal haqida gapirsam, ochig‘i, shu paytga qadar qator ajoyib iste’dodlar bilan o‘ynaganman, lekin Laminning darajasi boshqa - aqlga sig‘mas iqtidor. Yamalni to‘xtatib qolishning yagona yo‘li - bu uni maydondan olib tashlash bo‘lsa kerak...
CHL yarim finali, «Inter»ga qarshi omadsiz o‘yin...
- O‘sha uchrashuvdagi mag‘lubiyat barchamiz uchun juda kuchli zarba bo‘ldi. To‘g‘risi, anchagacha o‘zimizga kelolmadik. O‘ylashimcha, o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarimiz bilan finalga haqli edik, biroq... Umidvormanki, «Barselona» bu mavsum ham yana shunday imkoniyatga ega bo‘ladi va undan to‘g‘ri foydalanadi. Finalni stadiondan kuzatamanmi? Albatta, agar «Barsa» chiqsa, tribunadan joy olishim aniq.
M.PO‘LATOV tayyorladi















































Ҳасанали ота
Фурқат Қурбонов
Холис таҳлилчи блоги
Жалолиддин Қобилжонов
Яҳёхўжа Улуғхўжаев
Сафарали Сиддиқов
«InterFutbol» газетаси
Ўзбекистон Миллий ахборот агентлиги
Маъмуржон Ибрагимов

Қаҳрамон Асланов
Шуҳрат Шокиржонов
Шерзод Ражабов