Avvalroq «Liverpul» va «Bavariya»da to‘p surgan, hozirda Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi vingeri bo‘lgan Sadio Mane Afrika millatlar kubogi o‘yinlarida Senegal terma jamoasi safida o‘zining 10-golini kiritdi. Bu holat musobaqaning guruh bosqichi 2-turida Kongo DR terma jamoasiga qarshi o‘yinda sodir bo‘ldi (1:1).
Opta Sports statistik Telegram-kanali xabar berishicha, XXI asrda Afrika millatlar kubogida Manedan ko‘proq gol urgan futbolchilar faqat ikkita: Kamerun terma jamoasi safida to‘p surgan Samuel Eto’o (14 ta gol) va Kot-d’Ivuar terma jamoasi uchun o‘ynagan Didye Drogba (11 ta gol).
Sadio Manega hozir 33 yosh. U 2012 yilda Senegal terma jamoasida debyut qilgan. Shu vaqt ichida u 119 ta o‘yinda maydonga tushib, 51 ta gol muallifi bo‘lgan.
Afrika millatlar kubogi. D guruhi. 2-tur
27 dekabr 2025 yil, shanba.
Senegal — DR Kongo — 1:1
Gollar: 0:1 — Bakambu (61), 1:1 — Sadio Mane (69)