Qanot hujumchisi Maks Doumen Londonning «Arsenal» klubi bilan dastlabki shartnoma imzoladi. Avvalroq vinger Chempionlar ligasi tarixidagi eng yosh futbolchiga aylangan edi.
«Maks Doumen klub bilan dastlabki shartnoma imzolaganini mamnuniyat bilan e’lon qilamiz. Bu shartnoma unga dekabr oyida 17 yoshga to‘lganidan so‘ng professional kelishuv tuzish imkonini beradi. Maks sakkiz yoshida akademiyamizga qo‘shilgan va “Xeyl End” orqali o‘sish jarayonida yoshlar darajasida tezda turli rekordlarni yangilay boshladi. U 13 yoshida U-18 jamoasi safida debyut qildi va 14 yoshida UYEFA Yoshlar ligasi tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylandi. Maks ham hujumkor yarim himoyachi, ham qanotda birdek samarali o‘ynaydi. Uning texnikasi, maydonni ko‘ra bilishi va universalligi uni Angliyaning eng umidli yosh iqtidorlaridan biriga aylantiradi.
Yozda Maks klub stipendiatiga aylanadi. Ayni paytgacha u akademiyamiz jamoalari safida U-18 va U-21 darajasida 34 ta uchrashuvda 27 ta gol urib, 10 ta golli uzatma amalga oshirdi», — deya xabar beradi «Arsenal» rasmiy sayti.
Joriy mavsumda Doumen «to‘pchilar» asosiy jamoasi safida barcha musobaqalarda beshta uchrashuvda maydonga tushdi.