Madridning “Atletiko” klubi yetakchisi Antuan Grizmann “Metropolitano”dagi hissiyotlarga boy oqshom haqida gapirdi va Chempionlar Ligasi madhiyasi yangrayotgan vaqtda teskari qarab olishining sababini tushuntirdi.
Fransiyalik superyulduz “Atletiko Madrid”ning “Arsenal” bilan (1:1) o‘yinida eng yaxshi futbolchi bo‘ldi, biroq u o‘zining YECHLdagi so‘nggi uy uchrashuvida bor e’tiborini nafaqat maydonga, balki tribunadagi muxlislarga ham qaratdi.
“Metropolitano”dagi so‘nggi yevrokubok uchrashuvida Grizmann turnir madhiyasi yangrayotgan vaqtda muxlislar tomonga o‘girilib oldi. Keyinchalik u buni ushbu turnirdagi so‘nggi uy o‘yinining muhitidan to‘liq bahra olishni istagani bilan izohladi.
“Maydonga tushib kelganimizni eslayman, bu aql bovar qilmas muhit edi. Faqatgina ular bizning muxlislarimiz bo‘lgani uchun emas, balki maydonga yomg‘ir kabi yog‘ilgan qog‘oz o‘ramlari ham hayratlanarli edi. Bu tasvir mening ongimda, yuragimda muhrlanib qoldi”, deydi hujumchi "Atletiko" rasmiy sahifasiga.
O‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilganiga qaramay, Grizmann zarbalari darvoza ustuniga tekkani va himoyachilar tomonidan to‘sib qolinganidan xafa bo‘l ekanini ta’kidladi. Shunga qaramay, 35 yoshli futbolchi “Emireyts” stadionida bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi javob o‘yini oldidan jamoasi eng kerakli pallada uchrashuvni o‘z foydasiga hal qila olishini bildirdi.
“Menda uchta imkoniyat bo‘ldi, lekin darvozani ishg‘ol qila olmadim. Ishonchim komilki, javob o‘yinida buni uddalayman. Hammamiz ajoyib ishni bajardik va maqsadga erishish uchun keyingi bahsda g‘alaba qozonish juda muhim”, dedi u.
Uchrashuv ikki xil ko‘rinish oldi: “Atletiko” o‘yin boshida qiynaldi, ammo tanaffusdan so‘ng ustunlikni qo‘lga oldi. Grizmanning ta’kidlashicha, murabbiylar shtabi tomonidan kiritilgan taktik o‘zgarishlar Mikel Arteta boshchiligidagi “Arsenal”ga qarshi o‘yinda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Grizmann “Atletiko” safida barcha turnirlar doirasida jami 495 ta o‘yinda maydonga tushib, 212 ta gol va 98 ta golli uzatma muallifiga aylangan. 35 yoshli futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2026-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali fransiyalik forvardning bozor qiymatini 10 million yevroga baholamoqda.