Florentino Peres o‘tkazilgan muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng murabbiy Karlo Anchelottini ishdan bo‘shatdi va uning o‘rniga Xabi Alonsoni olib keldi. Bu qaror mantiqan to‘g‘ri. Alonso variantining tanlanishida ikkita omil katta rol o‘ynadi.
Birinchisi: u klubning afsonasi. Bu uslub futbol olamidagi muvaffaqiyatlilaridan biri bo‘lib, ko‘p yillar davomida sinovdan o‘tgan. Zidanning «Real Madrid»ga, Pep, Luis Enrikening «Barsa»ga qaytishi, Artetaning «Arsenal»ga qaytishi va yana bir qancha qaytishlar orqali yutuqqa erishgan murabbiylar bor.
Ikkinchisi: Alonso tizimli futbol namoyondalaridan. «Real»ning oxirgi o‘n yillikda o‘tkazgan ertaknamo mavsumlari ko‘p muxlislarni rom etgan va bu doim davom etadigandek yolg‘on kutilmalarni taqdim qilgandi. Ammo vaziyatga mutaxassislar to‘g‘ri baho bergan — bu uslubsizlik bilan tamoman tizimli futbolga qorishib borayotgan futbol olamida uzoq jon saqlab qolish imkoni yo‘qligini taxmin qilishgan. Yakun shunday bo‘ldi ham.
O‘tgan 2024/25 yilgi mavsumda madridliklar hech nima yuta olmagani yetmaganday, mavsumdagi to‘rtala «klasiko»ni ham boy berishdi. Shundan so‘ng jamoa Anchelottining futbolidan batamom kechib, tizimli futbol tomon qadam tashladi va eng munosib nomzod sifatida Alonso tanlandi.
Xabi jamoani qabul qilgach, asta-sekin o‘zgarishlarga qo‘l ura boshladi: yuqori pressing, to‘p nazorati, tartibli futbol. Qo‘lga kiritilayotgan g‘alabalar futbolchilarning klassi tufaylimi yoki Alonsoning futbolimi — bir qancha vaqt aniqlash qiyin bo‘ldi. Chunki mavsum endi boshlangan, katta o‘yinlar hali oldinda edi.
Madrid jamoasida hammasi yaxshi edi: ular CHLda yuqori sakkizlikda, La Ligada birinchi o‘rinda va eng yaqin ta’qibchisi «Barselona»dan 5 ochko oldinda borishardi.
Oktyabrdagi «klasiko»da «Real Madrid» g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, bu o‘yin Alonsoning «Real»dagi faoliyatida burilish nuqtasi bo‘ldi. Alonso ikkinchi bo‘limda Vinini maydondan olishga qaror qildi va bu futbolchi hamda murabbiy o‘rtasidagi munosabatlarning taranglashishiga olib keldi.
Fede, Jud kabi maydondagi o‘rnidan norozi kayfiyatda yurgan futbolchilar ham Vini tomon o‘tishdi va natijada kiyinish xonasida ikkita tomon — Alonso va undan norozi futbolchilar «armiyasi» shakllana boshladi.
Tizimli murabbiylar futbolida taktikaga urg‘u berilgani bois, yulduzlar o‘z-o‘zidan ikkinchi planga tushishi, boshqa o‘yinchilar bilan tengma-teng mehnat qilishi, hech qanday imtiyozga ega bo‘lmasligi barchaga ayon. Shuning uchun ishning avvalida murabbiy yulduzlar masalasini batamom hal qilishi lozim. Chunki imtiyozga ega bo‘lgan (masalan, pressingda qatnashmaslik) futbolchilar bilan tizimli futbol qurib bo‘lmaydi.
Murabbiy ularni jamoa manfaati uchun harakat qiladigan o‘yinchilarga aylantirishi yoki Enrike Mbappe bilan, yoxud Pep Ronaldinyo bilan qilganidek, ularni jamoadan ketkazishi kerak. Alonso dastlab birinchi variantni uddalagandek ko‘ringandi, lekin mavsum o‘rtasida vaziyat ko‘ringandek bo‘lib chiqmadi.
Kiyinish xonasidagi bo‘linish jamoa o‘yiniga ta’sir qila boshladi. Alonso diktatura tamoman muxolifat yo‘qolganidan keyin amalga oshishini hisobga olmadi va jamoaning yetakchilarini istamagan holda o‘ziga qarshi qilib oldi. Noyabr oyida Madrid jamoasi o‘zaro kelishmovchilik tufayli ko‘p durang o‘ynab, ochkolar yo‘qotdi va «Barselona»ni birinchi o‘ringa o‘tkazib yubordi.
Jamoa sovuq va tushunarsiz bir tund kayfiyatda keyingi oy — dekabrni ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. Ana endi shu paytgacha o‘z qarorlarida qat’iy turgan Alonso tom ma’noda kursisi qimirlab qolganini tushunib yetdi. «Betis» bilan o‘yinni hisobga olmasa, «Real» qolgan o‘yinlarni kichik hisobda yutdi va bu muxlislarni xavotirga solib qo‘ydi.
Yanvar oyida har yilgidek Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan Superkubok turniri boshlanar ekan, Alonsoning istiqboli aynan shu turnirga bog‘liq ekani ichkarida ma’lum bo‘lsa-da, muxlislar bundan bexabar edi. Shu sabab Xabi o‘rnini saqlab qolish uchun yarim final va ayniqsa finalda o‘yin tizginini tamoman futbolchilarga topshirdi va biz Saudiyada o‘tgan yilgi Anchelottining «Real»ini ko‘rdik.
Finaldagi mag‘lubiyatning ertasigayoq Alonsoning iste’fosi muxlislar ommasini shokka tushirdi. Peres — o‘sha ishning boshida tizimli futbolni xohlagan Peres — qo‘ldan ketgan birinchi sovrindayoq qarorini o‘zgartirdi va jamoaga futbolchilar bilan chiqishadigan, Anchelotti uslubining davomchisi bo‘lgan Alvaro Arbeloani murabbiy qilib tayinladi.
Arbeloa kelgach, «Real» ikkinchi divizion autsayderi «Albasete»ga yutqazdi va ikkinchi sovrin ham qo‘ldan ketdi. Arbeloa o‘zini sovuqqon tutdi, barcha ayb o‘zimda ekanini aytib, o‘yinchilarini himoya qildi.
Muxlislar g‘azabga mindi va Alonsoga qarshi chiqqan futbolchilarga nisbatan keskin hushtakbozlik uyushtirishdi. Buning samarasi o‘laroq keyingi bir necha ichki chempionat o‘yinlarida «Real» g‘alaba qozondi va «Barsa» bilan farqni 1 ochkogacha qisqartirdi.
Ammo jamoa har doim ham faqat klass tufayli yuta olmasligi, Peresning amaldagi qarori xato bo‘lgani «Benfika»ga qarshi o‘yinda oydinlashdi. Arda va Tchuameni kabi o‘yinchilarning boshqa katta o‘yinchilarga berilgan imtiyozlardan noroziligi ham aynan shu qaror oqibatidir.
Futbol — jamoaviy o‘yin. Bu yerda har bir o‘yinchining o‘z vazifasi bor. Shuning uchun maydondagi barcha futbolchilar o‘zlariga ko‘rsatilayotgan muomaladan rozi holda o‘ynashi kerak, aks holda jamoa ko‘p ochkolarni boy beradi.
Arbeloa muvozanatni ushlay olmadi, «Real» hali ham aynan shu muammo — futbolchilar bilan kurashyapti. Faqat boshqacharoq ko‘rinishda: endi Alonsoning «armiyasi» Arbeloadan norozi.
Murabbiy tomonida turish, futbolchilarga ortiqcha imtiyoz bermaslik kerakligi tushunilgan paytda mavsumning yarmi ham ketib bo‘lgan edi. Endi esa OAVda Unai Emeri kelishi haqidagi xabarlar sizib chiqa boshladi. Peresning mavsumni saqlab qolish maqsadida qilgan murabbiy borasidagi qarori noo‘rin ekani anglashilganda, mavsumning yarmi o‘tib ketgan edi.
Aynan shu ketishda «Real» Ispaniyaning o‘rtamiyona, «avtobus qo‘yib» o‘ynaydigan jamoalarni yulduzlari hisobidan yutsa-da, total ustunlik bilan o‘yin quradigan katta jamoalarga qarshi qiynalishi aniq. Bu esa qatorga ikkinchi titulsiz mavsumga sabab bo‘lishi mumkin.
Peres jamoani boshi berk ko‘chaga olib kirdi. Sodir bo‘lganlar esa, balki, uning intihosining boshlanishidir?
Ermon buva