16 fevral kuni «Nasaf» klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 8-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining «Ash-SHarja» jamoasi bilan kuch sinashadi. Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.
Tarix va laqab
«Ash-SHarja» jamoasi 60 yillik tarixga ega bo‘lib, klub 1966 yilda tashkil topgan. Jamoaga muxlislar tomonidan «The King» («Qirol») yoki «Sharja shahrining qirollari» degan laqab berilgan.
Stadion
Klub o‘z uy uchrashuvlarini Sharja shahridagi «Sharjah Stadium»da o‘tkazadi. Ushbu maydon o‘z bag‘riga 12 mingdan ziyod muxlisni sig‘dira oladi.
Yutuqlar
Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 6 karra g‘olibi, 10 karra Prezident kubogi sohibi va 4 karra mamlakat Superkubogi g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, jamoa o‘tgan mavsum «Osiyo Chempionlar Ligasi-2» musobaqasida ham zafar quchgan.
Osiyo maydonlaridagi statistika
«Ash-SHarja» shu vaqtgacha Osiyo Futbol Konfederasiyasi tomonidan o‘tkazilgan rasmiy musobaqalarda 62 ta o‘yin o‘tkazgan. Ulardan:
Bosh murabbiy
Jamoani ayni paytda 61 yoshli angolalik mutaxassis Xose Morais boshqarmoqda. U o‘z faoliyati davomida «Inter», «Real Madrid», «Chelsi» kabi klublarda ishlagan. Murabbiy «Chonbuk Motors» jamoasi bilan 2 karra Janubiy Koreya chempionligini, «Al-Hilol» bilan Saudiya Arabistoni Pro ligasi g‘olibligini, shuningdek, 2023/24 yilgi mavsumda «Sepahon» klubi bilan Eron Hazfi kubogini qo‘lga kiritgan.
Tarkib va legionerlar
Jamoa tarkibida ayni paytda Maro Katinich, Yu Min Cho, Leandrinyo, Vladimir Priyovich, Feta Fetai, Firas Ben Larbi, Igor Koronado kabi legioner futbolchilar to‘p surmoqda.
Ushbu klub O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillarda «Ash-SHarja» jamoasi safida hamyurtimiz Otabek Shukurov faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, «Ash-SHarja» — «Nasaf» uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.