Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa "Qirollik klubi" joriy mavsumdagi Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishni maqsad qilganini ta’kidladi. Seshanba, 17 fevral kuni "qaymoqranglilar" musobaqaning pley-off bosqichi ilk o‘yinida "Benfika" bilan to‘qnash kelishadi.
"Bizning maqsadimiz — shunchaki "Benfika"ni musobaqadan chiqarib yuborish emas, balki Chempionlar ligasida g‘olib chiqish. Klub gerbi bizdan shuni talab qiladi. Ushbu bosqichdan o‘tish — bu qasd olish emas, balki o‘z maqsadimiz sari tashlangan qadamdir.
Lissabondagi mag‘lubiyat? Bu yangi o‘yin, avvalgisi esa allaqachon tahlil qilingan. O‘ylaymanki, futbolchilar yaxshiroq o‘ynashga qodir va biz o‘zimizni eng yaxshi tomonlama ko‘rsatishimiz shart", — deya Arbeloaning so‘zlarini keltiradi "Mundo Deportivo".
Eslatib o‘tamiz, "Benfika" Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 8-turida "Real"ni 4:2 hisobida mag‘lub etgan edi. Shu sababli "qaymoqranglilar" to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l ololmagandilar.