Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Federiko Valverde «Manchester Siti»ga qarshi bahsda (3:0) Vinisius Juniorning foydalanilmagan penaltisi haqida gapirib o‘tdi.
Urugvaylik futbolchi birinchi bo‘limda xet-trik qayd etgan edi, tanaffusdan so‘ng esa to‘rtinchi golini urishi mumkin edi. Biroq u Vinisiusning o‘n bir metrlik jarima to‘pini ijro etish haqidagi taklifini rad etdi.
«Vini mendan penalti tepmoqchimisan, deb so‘radi. U — mening do‘stim, «Real» afsonasi. U gol ura olmadi, lekin bunday holatlar bo‘lib turadi. Bu futbolning bir qismi.
Agar Vini penaltidan unumli foydalanganida, bu oqshom ideal bo‘lardi. Lekin xato qilish ehtimoli har doim mavjud — bunda sen vaziyatga qanday munosabat bildirishing muhim. U ruhan tushib ketmadi, muxlislar esa uni qo‘llab-quvvatlab turishdi», — deya Valverdening so‘zlarini keltiradi Madrid Xtra.