«Santyago Bernabeu»da «Real» va «Inter» afsonalari ishtirokida xayriya uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘yin madridliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvdan tushgan barcha mablag‘lar «Real» jamg‘armasining ijtimoiy-sport loyihalariga yo‘naltiriladi. Klub ma’lumotlariga ko‘ra, fond 1400 ta ta’lim va ijtimoiy loyihalar orqali 100 dan ortiq mamlakatda 400 ming kishiga yordam berib kelmoqda.
O‘yin boshlanishidan avval maydonga eshitish va ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalar — «Real» jamg‘armasi dasturlari ishtirokchilari chiqib kelishdi. «Bernabeu»ga yig‘ilgan muxlislar ularni ishora tilida qutlashdi, shundan so‘ng bolalar har ikki jamoa afsonalarini kutib olishdi.
Tanaffus arafasida «Inter» hisobni ochdi — Pedro Kontreras qaytargan penaltidan so‘ng Ernanes to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. 69-daqiqada Pepe Toni Moralning uzatmasidan so‘ng bosh bilan gol urib, muvozanatni tikladi. Oradan olti daqiqa o‘tib, Moral yana bir golli uzatmani amalga oshirdi — bu safar David Barral raqib darvozasini ishg‘ol etdi.
«Real» afsonalari: Kontreras, Amaviska, Ivan Kampo, Pepe, Salgado, Makelele, Fernando Sans, Karambe, Granero, Pedro Leon, Aganso.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Bissarri, Velasko, Agus, Milya, Tebar, Toni Moral, Antonio Nunyes, Barral.
«Inter» afsonalari: Toldo, D’Ambrozio, Ranokkya, Lusio, Maykon, Kambyasso, David Pisarro, Rodrigo Palasio, Karagunis, Kandreva, Passini.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Frey, Orlandoni, Dzanetti, Galante, Santon, Borxa Valero, Ernanes, Guarin, Emre Belezoglu, Djoel Obi, Van der Meyde, Pandev, David Suazo, Obinna.
