OKMK klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Superliganing 4-turi doirasida o‘tkazilgan "Qizilqum"ga qarshi o‘yin (1:0) borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
— O‘yin haqida fikringiz?
— Bugungi uchrashuv juda qiziqarli va kurashlarga boy o‘tdi. Aslida, ikki xil taym guvohi bo‘ldik. Birinchi bo‘limda «Qizilqum» yopiq o‘yin ko‘rsatib, asosan qarshi hujumlarga e’tibor qaratdi. Ikkinchi bo‘limda esa ular faolroq harakat qila boshladi va bosimni oshirdi. Biz o‘yindagi yagona golni standart vaziyatdan kiritdik. Yana gol urish uchun imkoniyatlarimiz ham bo‘ldi, ammo hujumlarni yakunlashda biroz aniqlik yetishmadi. Eng muhimi — safarda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik. Avvalgi o‘yinlarda ham yutqazmasligimiz kerak edi, lekin futbolning jozibasi ham shunda.
— Aziz Xolmurodovning bugungi o‘yini haqida fikringiz?
— Aziz kichik jarohat bilan o‘ynadi, shunga qaramay maydonga tushib, o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi. Afsuski, ikkinchi bo‘limda yuz foizlik imkoniyatdan foydalana olmadi. Agar o‘sha vaziyat gol bilan yakunlanganda, o‘yin ancha osonlashgan bo‘lardi.
— Siz ilgari jarima zarbalarini juda yaxshi ijro etardingiz. Hozirgi futbolchilarga buni o‘rgatish qiyinmi?
— Albatta, o‘rgatish mumkin. Lekin bu yerda eng muhimi — futbolchiga to‘g‘ri yo‘nalish berish. Qolgan hammasi uning o‘ziga bog‘liq. Biz maslahat beramiz, yo‘l ko‘rsatamiz, lekin yakuniy natija futbolchining o‘z ustida ishlashiga bog‘liq.
Maydonda o‘ynaganda fikrlash juda muhim. Bir marta zarba berib, omadga erishish yetarli emas — buning ustida har kuni ishlash kerak. Mashg‘ulotdan oldin ham, keyin ham takrorlash zarur.
— Hozir esa telefon va turli o‘yinlar ko‘plarning e’tiborini chalg‘ityapti. Ba’zida yoshlar virtual o‘yinlarda ko‘rsatgan ishtiyoqni maydonda ko‘rsata olmayapti. Aslida esa haqiqiy kurash maydonda bo‘lishi kerak.
— Takrorlash — muvaffaqiyat kaliti. Jarima zarbalarini mukammal bajarish uchun tinimsiz mashq qilish lozim. Nazariyada hammasi oson ko‘rinadi, lekin amalda bu ancha murakkab. Harakat qilgan odamga natija ham shunga yarasha bo‘ladi.
— So‘nggi o‘yinlarda darvozabonlar tez-tez almashyapti. Bu nimaga bog‘liq?
— Bizda barcha futbolchilar asosiy tarkibga da’vogarlik qiladi. Kimdir maydonga birinchi daqiqadan tushadi, kimdir zaxiradan kiradi — bu tabiiy holat. Darvozabonlarimiz darajasi deyarli bir xil. Mashg‘ulotlardagi holatiga qarab tanlov qilamiz. Hech kimga oldindan “sen asosiysan” deb aytilmagan.
— Bugungi o‘yinda «Qizilqum» safida kimni alohida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
— Umuman olganda, jamoa yaxshi o‘ynadi. Lekin Kenjaboyevni alohida ta’kidlash mumkin. Ko‘plab hujumlar aynan u orqali tashkil qilindi va u maydonda katta hajmdagi ishni bajardi.