Superliga 11-turdan o‘rin olgan "Dinamo" – "Mash’al" uchrashuvi 3:1 hisobida yakun topdi. O‘yindan keyin "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— O‘yin haqida fikringiz?
— Uzoq kutilgan g‘alabani qo‘lga kiritdik. Avvalgi salbiy natijalar uchun muxlislardan yana bir bor uzr so‘rayman. Endi Superligada tanaffus bo‘ladi, biz esa kamchiliklarni to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Ba’zi sabablarga ko‘ra, bir nechta futbolchimiz bugungi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Bugun yana g‘alati gol o‘tkazdik. Darvozamizga to‘p to‘g‘ri kelsa bo‘ldi, gol bo‘lyapti. Orqada hech nolga o‘ynay olmayapmiz. Shunga qaramay kurashdik va yakunda g‘alabani qo‘lga kiritdik.
— Yetakchilar yo‘qligi haqida.
— Hojimirzayev o‘tgan tur "qizil" olgandi. Bugungi o‘yinni Jumaboyev ham diskvalifikasiya sabab o‘tkazib yubordi.
— Oldindan Kubok bahslari kutmoqda. "Dinamo"ning Kubokdagi maqsadi qanday? Futbolchilarga ishtiyoq bersa bo‘ladimi?
— Agar muammolar hal qilinsa, bemalol ishtiyoq bera olamiz. Lekin hozircha muammolar hal bo‘lmadi. Biz Kubokda ham ijobiy natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. Bu shunday musobaqaki, har o‘yinda maydonga tushib yutish kerak bo‘ladi. Eng muhimi, stadionga yana muxlislarni qaytarishimiz kerak.
— Kubok o‘yinlarida rotasiya kutsak bo‘ladimi? Masalan, U-21 jamoasida Islom Xoldorov juda yaxshi o‘ynayapti.
— Rotasiya albatta bo‘ladi. Bizda Superliga o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan boshqa futbolchilar ham bor. Ularni ham sinab ko‘ramiz, lekin Kubokda shunchaki ishtirok etmaymiz.
— Bugungi o‘yinda darvozabon Ravshan Yagudinga ishonch bildirdingiz?
— Har gal gol o‘tkazganda va salbiy natija qayd etganda keyingi bahsda darvozabonni almashtirishga to‘g‘ri kelyapti. Yagudin bilan Xorazmda baxtsiz hodisa ro‘y bergandi, ammo u tajribali darvozabon. Bugun ham to‘p o‘tkazdi, lekin zarbani qaytarsa bo‘lardi. Biz juda ko‘p gol o‘tkazyapmiz, bunaqa futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Himoyada ham noto‘g‘ri o‘ynayapmiz.
— Va nihoyat To‘xtasinov to‘p kiritdi. Unga alohida ko‘rsatma berilganmidi?
— Biz sen gol urasan deb hech kimga alohida ko‘rsatma bermaymiz. U asosiy tarkibda maydonga tushdi va o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi. Odatda bu chiziqda Azizbek Amonov o‘ynaydi, lekin Hojimirzayevning yo‘qligi sabab Azizni oldinga o‘tkazdik va To‘xtasinovni uning o‘rnida o‘ynatdik. U ikkita gol urdi va bundan xursandmiz. Lekin doim asosiy tarkibda tushishi uchun o‘zini isbotlashi kerak bo‘ladi.
— Jahongir O‘rozov uchinchi bor jamoa sardori sifatida harakat qildi. O‘tgan yil "Mash’al" bilan o‘yinda ham shu futbolchi jamoani sardor sifatida boshlab tushgan va "Dinamo" 4:2 hisobida g‘alaba qozongandi.
— Aslida bizda jamoa sardori Salim Mustafoyev. U tushmasa Hojimirzayev, Hojimirzayev o‘ynamasa O‘rozov sardor bo‘ladi. Agar uchala futbolchimiz ham bir paytda maydonga tusha olmasa, unda kim sardor bo‘ladi? Bu savol ham bor va hozircha javobini bilmayman.
— "Dinamo"ning hujum triosi hamon yaxshi va futbolchilar gol uryapti. Lekin himoya o‘tgan yilgidek yaxshi o‘yin ko‘rsata olmayapti.
— O‘tkazib yuborilgan gollarga qarang, qanday xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz. Individual xatolar sabab gollar bo‘lyapti. To‘g‘ri, oldinda yaxshi harakat qilyapmiz. Shunga ko‘ra himoya ham yaxshi harakat qilishi kerak. Bizda markaziy yarim himoyada barcha qora ishni qila oladigan futbolchining yo‘qligi ham bilinyapti.