Kataloniya grandi «Barselona» yana vaqtincha o‘z uy stadioni — «Kamp Nou»ni tark etishi mumkin. Bu haqda Diari ARA xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 2027 yil yoziga mo‘ljallangan yangi tom o‘rnatish ishlari kutilgandan uzoqroq davom etadi. Ilk rejaga ko‘ra, bu jarayon taxminan 4,5 oy ichida yakunlanishi kerak edi, ammo muhandislar bu muddat 7 oygacha cho‘zilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu vaqt davomida stadionda o‘yinlar o‘tkazish imkoni bo‘lmaydi.
Klubning operasion direktori Joan Sentelles avvalroq «Barselona» 2026/27 mavsumining so‘nggi uch turini va yangi chempionatning ilk uch uchrashuvini safarda o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Agar zarurat tug‘ilsa, kataloniyaliklar vaqtincha «Estadi Yoxan Kruiff»ga ko‘chib o‘tishi yoki yana «Monjuik olimpiya stadioni»dan foydalanishi mumkin. Biroq ikkinchi variant moliyaviy jihatdan maqbul emas, birinchi stadion esa La Liga talab qiladigan minimal (15 ming) sig‘imga javob bermaydi.
Klub prezidenti Joan Laporta «Estadi Yoxan Kruiff» sig‘imini 6 mingdan 16 minggacha oshirish variantini ko‘rib chiqmoqda. Biroq buning uchun shahar hokimiyatidan ruxsat olish talab etiladi.
Qayd etish joiz, yaqinda yangilangan «Kamp Nou» qisman ochilgan bo‘lib, «Sevilya»ga qarshi o‘yinni qariyb 60 ming muxlis kuzatdi.