Angliya Premyer Ligasining 35-turi doirasidagi o‘yinda “Manchester Siti” futbolchisini irqiy kamsitgan “Everton” muxlisi polisiya tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “Everton” klubi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv 4 may oqshomida “Hill Dikinson” stadionida bo‘lib o‘tdi va 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
“Styuardlar voqea haqida xabar berganidan so‘ng, polisiya 71 yoshli muxlisni irqiy nafrat asosida jamoat tartibini buzganlikda gumon qilib hibsga oldi. U ma’lum shartlar asosida garov evaziga ozod qilindi. Unga har qanday sport musobaqalariga bahslar boshlanishidan to‘rt soat oldin, o‘yin vaqtida va o‘yin tugaganidan keyin to‘rt soat davomida bir mildan (1,6 kilometr) yaqinroq masofaga kelish taqiqlanadi. Irqchilik va kamsitishning barcha shakllari qabul qilinishi mumkin emas”, deyiladi xabarda.
“Everton” klubi rasmiy bayonotida bunday muxlislarga jamoa stadionida, sportda yoki jamiyatda o‘rin yo‘q ekani qayd etilgan:
“Styuardlar va polisiyaning tezkor harakati aybdorni aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish imkonini berdi. Klub tergovni qo‘llab-quvvatlash uchun rasmiylar bilan hamkorlikni davom ettiradi va o‘zining bag‘rikenglik tamoyiliga muvofiq eng qat’iy choralarni ko‘radi”.
Shuningdek, “Manchester Siti” ham bo‘lib o‘tgan o‘yin yakunlari bo‘yicha bayonot e’lon qildi.
“Klub kechagi o‘yin vaqtida Antuan Semenyoga nisbatan qilingan irqchilik haqoratlarini keskin qoralaydi. Biz ‘Everton’ rasmiylari va polisiya tomonidan aybdorni aniqlash bo‘yicha ko‘rilgan tezkor choralarni olqishlaymiz. Shuningdek, kecha oqshom ijtimoiy tarmoqlarda Mark Gexi ham qabih irqchilik hujumlari nishoniga aylanganidan afsusdamiz. Biz Antuan va Markni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz hamda futbolda hech qachon kamsitishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya ma’lum qilgan “shaharliklar” matbuot xizmati.
Angliya Premyer Ligasining 35-turi doirasida “Everton” o‘z maydonida musobaqa g‘olibligi uchun kurashayotgan “Manchester Siti”ni qabul qildi. Bellashuv 3:3 hisobida yakunlandi. Ushbu bahsda O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov “shaharliklar” asosiy tarkibida maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi.
Ushbu natijadan so‘ng APL chempionligi uchun kurashayotgan “Manchester Siti” turnir jadvalida 71 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Ayni damda Xosep Gvardiola shogirdlari va musobaqa peshqadami — Londonning “Arsenal” klubi o‘rtasidagi farq 5 ochkoni tashkil qilmoqda. “Shaharliklar” zaxirasida bitta uchrashuv mavjud.