«Barselona» klubi Dortmundning «Borussiya» hujumchisi Seru Girassiga qiziqish bildirmoqda. «Ko‘k-anorranglilar» 30 yoshli forvard bo‘yicha muzokaralarga kirishishga harakat qiladi. Bu haqda Sport.es nashri Alyaumga tayanib xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, gvineyalik futbolchining ehtimoliy transferiga Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubi to‘sqinlik qilishi mumkin. Saudiyaliklar Girassini jamoani tark etgan Karim Benzemaning o‘rnini bosuvchi nomzod sifatida ko‘rishmoqda. Ta’kidlanishicha, yozda «asalarilar» safini tark etishga tayyor bo‘lgan hujumchiga «Barselona»ning qiziqishi «Al-Ittihod» rahbariyatini xavotirga solgan.
Joriy mavsumda forvard barcha turnirlarda 39 ta o‘yinda ishtirok etib, o‘z hisobiga 18 ta gol va 6 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Girassining bozor qiymati 40 million yevroni tashkil etadi.