Angliya liga kubogi finalida «Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alabadan bir necha soat o‘tib, «Manchester Siti» muxlislari Londondan Manchesterga qaytayotgan poyezdda bir nomni qayta-qayta tilga olayotgan edi. Bu finalda g‘alaba golini urgan Niko O’Rayli emas, balki Abduqodir Husanov edi.
«Husanov qanday ajoyib o‘ynaydi!» — dedi muxlislardan biri. «U haqiqiy “mashina”!», — deb javob qaytdi boshqasi. Shu tariqa, «Siti» muxlislari yangi qahramonga ega bo‘lgani ayon bo‘ldi.
O‘zbekistonlik himoyachining kuchli to‘qnashuvlari va ishonchli o‘yini haqidagi muhokamalar poyezdda davom etdi. Kimdir hatto: «O‘zbeklar uni yaxshi ko‘radi, u ularning Garet Beyli», — deb ta’kidladi.
Shuningdek, «Lans»dan 2025 yil yanvar oyida 31 million funt evaziga olib kelingan ushbu futbolchini topgan skautlar ham maqtovga sazovor bo‘ldi.
Husanov «Manchester Siti»ning 2025 yil qishidagi transferlar orasida eng muvaffaqiyatlisi bo‘lishi mumkin. U hatto klubning sobiq sport direktori Chiki Begiristayn davridagi eng yaxshi xaridlardan biri sifatida tarixga kirishi ehtimoldan yiroq emas.
Husanov «Lans» safida atigi 31 ta o‘yin o‘tkazgan holda «Siti»ga o‘tdi. Unga qiziqish klubning skautlar tarmog‘i orqali shakllangan — Fransiyadagi kuzatuvchilar uning salohiyatini darhol payqagan.
U «ijobiy agressiv» o‘yin uslubiga ega futbolchi sifatida ta’riflanadi. «Siti» uni qo‘lga kiritish uchun katta sa’y-harakat qildi, ayniqsa «Nyukasl», «Real» va «Manchester Yunayted» kabi klublar ham qiziqish bildirgan bir paytda.
Husanov ingliz futboli muxlislari qadrlaydigan barcha sifatlarga ega: tezlik, kuch, jangovorlik va ishtiyoq. Ayniqsa, jamoa himoyada qiynalgan paytlarda uning raqibni quvib yetib, to‘pni qaytarib olishi eng yorqin epizodlardan biriga aylanadi.
Finalda u Kay Xaversni quvib yetib, to‘pni olib qo‘ygani muhim epizod bo‘ldi. Keyinchalik Viktor Dyokereshga qarshi qattiq to‘qnashuvi muxlislarni hayratda qoldirdi.
«Real»ga qarshi o‘yinda ham u Vinisius Junior va Braim Diasni quvib yetib, muxlislarga umid bag‘ishladi. «Liverpul»ga qarshi g‘alabada esa Muhammad Saloh va Ugo Ekitikeni to‘liq neytrallashtirdi (keyinchalik boshidan jarohat olgan bo‘lsa-da).
Eng katta afzalligi — tezligi. CIES Football Observatory uni Chempionlar ligasidagi eng tez markaziy himoyachilardan biri deb baholagan. U har 90 daqiqada o‘rtacha 17,85 ta sprint bajaradi — bu Premyer-ligadagi himoyachilar orasida eng yuqori ko‘rsatkich.
Bu sifat uni Pep Gvardiola tizimida juda muhim futbolchiga aylantiradi, chunki jamoa himoya chizig‘ini tobora yuqoriroq joylashtirmoqda.
Gvardiola ham uni shunday ta’riflaydi:
«U juda tez. Odatda jismoniy kuchli o‘yinchilar ko‘p o‘ylamaydi, ammo u ikkalasiga ham ega. Shuning uchun u to‘p bilan ham rivojlanib bormoqda».
Shu bilan birga, Husanovning ruhiy barqarorligi ham alohida e’tiborga loyiq.
U «Siti»dagi debyutini juda omadsiz boshlagan: «Chelsi»ga qarshi o‘yinda xato qilib, golga sababchi bo‘lgan. Keyin sariq kartochka olgan, yana bir necha xavfli vaziyatlarda xatoga yo‘l qo‘ygan.
Hatto Gvardiola uni ikkinchi bo‘lim boshida maydondan olib tashlashga majbur bo‘lgan.
Shunga qaramay, muxlislar uni qo‘llab-quvvatladi. Garri Nevill esa efirda: «Yigit uchun yig‘lagim keldi», — degan edi.
Biroq aynan shu og‘ir startdan keyin Husanov o‘zini tiklab, bugungi kunda «Manchester Siti»ning yangi qahramoniga aylandi.