Manas shahridagi «Barselona» akademiyasi murabbiyi, o‘zbekistonlik mutaxassis Rafael Muslimov Abduqodir Husanovning Kataloniya futboli uslubiga mos kelishi haqida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘zbek himoyachisi yoshlik davrida Yevropa akademiyasida tarbiya olmagan bo‘lsa-da, o‘yin xususiyatlari jihatidan «Barselona» modeliga to‘g‘ri keladi.
“Husanov Kataloniya futboliga to‘liq mos keladi. Unda Gvardiola himoyachilarda qadrlaydigan sifatlar bor: tezlik, jismoniy kuch, agressivlik, futbol intellekti va o‘rganish qobiliyati. Shuning uchun ham Pep uni muhim futbolchiga aylantirdi. Gvardiola uning kuchli tomonlarini tushunadi va o‘z modelida qanday foydalanishni biladi”, — dedi Muslimov.
Murabbiyning fikricha, Husanovning tezligi yuqori chiziqda o‘ynaydigan jamoalar uchun juda muhim ahamiyatga ega.
“Bunday tizimda himoya ortida qoladigan bo‘sh hududlarni yopish, raqibni quvib yetish va yakkakurashlarga kirishish uchun tezlik zarur. Husanovda bu sifat bor. U tezligidan to‘pni olib qo‘yish, bosim qilish va hujumlarga qo‘shilishda samarali foydalana oladi”, — dedi u.
Shuningdek, Muslimov himoyachining futbol intellekti va tez o‘rganish qobiliyatini ham alohida ta’kidladi.
“Gvardiola va umuman «Barselona» modelida himoyachi o‘yinni yaxshi tushunishi kerak: hujum rivojini oldindan his qilish, to‘g‘ri pozisiya tanlash va bosim ostida qaror qabul qilish muhim.
Agar Pep Husanovni aqlli va tez o‘rganuvchi futbolchi deb aytgan bo‘lsa, demak u o‘z tizimiga moslashtirish mumkin bo‘lgan o‘yinchini ko‘rmoqda. Shu bois Abduqodir Kataloniya klubiga ham moslasha olardi”, — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.