O‘zbekiston Superligasining 5-turida «Neftchi» Navoiyda «Qizilqum» mehmoni bo‘ldi. Uchrashuv farg‘onaliklar uchun muvaffaqiyatli o‘tib, ular raqibni yirik — 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘yin boshlanishi bilan maydonda keskin kurashlar kuzatildi. Ilk daqiqalarda har ikki jamoa ehtiyotkor harakat qildi, hatto mezbonlar bir necha bor xavfli vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq 18-daqiqada «Neftchi» hisobni ochdi — Ismoilov va Odilov ishtirokidagi kombinasiyadan so‘ng Zoran Marushich qaytgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi.
Goldan keyin tashabbus mehmonlar tomonida qoldi. «Neftchi» o‘yinni nazorat qilib, qarshi hujumlarda xavfli harakat qildi. Birinchi bo‘lim oxirida, 41-daqiqada Alishep Odilov yakkama-yakka vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni 2:0 ga yetkazdi.
Ikkinchi bo‘limda ham farg‘onaliklar ustunligini davom ettirdi. 52-daqiqada tezkor kombinasiya — Iskandarov, Odilov va Marushich ishtirokidagi hujum yana gol bilan yakunlanib, hisob yiriklashdi — 3:0.
Oradan ko‘p o‘tmay, VAR orqali belgilangan penalti vaziyatida Ikrom Aliboyev ishonchli harakat qilib, jamoasining to‘rtinchi golini kiritdi — 4:0.
Qolgan daqiqalarda «Neftchi» o‘yinni to‘liq nazorat qildi. Murabbiylar bir qator almashinuvlar amalga oshirib, yosh futbolchilarga ham imkoniyat berishdi. Jumladan, 2007 yilda tug‘ilgan Nurmuhammad Abdug‘aniyev jamoa safida debyut qildi.
Uchrashuv oxiriga qadar hisob o‘zgarmadi va «Neftchi» Navoiyda ishonchli g‘alabaga erishdi — 4:0. Shu tariqa, Islom Ismoilov jamoasi 5 ta turdan keyin 15 ochko bilan jadvalda peshqadamlik qilishda davom etmoqda.
O‘zbekiston Superligasi, 5-tur
4 aprel 2026 yil, Navoiy. «Yoshlar» SM stadioni
«Qizilqum» — «Neftchi» 0:4
Gollar: Zoran Marushich, 18 (0:1), Alisher Odilov, 41 (0:2), Zoran Marushich, 52 (0:3), Ikrom Aliboyev, 58 (0:4, penalti)