Angliyadan Chempionlar ligasining beshinchi yo‘llanmasi uchun ikki jamoa — «Liverpul» va «Bornmut» da’vogarlik qilmoqda. Mersisaydliklar ancha qulay vaziyatda — ular Yevropaning bosh klublar turniridagi ishtirokini 99 foizga ta’minlab bo‘lgan, deyish mumkin. Biroq shunday bir ssenariy borki, unga ko‘ra «Liverpul» Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun qo‘shimcha («Oltin») o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Joriy holatga nazar tashlaylik.
| O‘rin |
Jamoa |
O‘ |
G‘ |
D |
M |
TG |
O‘G |
TN |
O |
| 5 (ECHL) |
Liverpul |
37 |
17 |
8 |
12 |
62 |
52 |
+10 |
59 |
| 6 (EL) |
Bornmut |
37 |
13 |
17 |
7 |
57 |
53 |
+4 |
56 |
Angliyada ochkolar teng kelib qolgan taqdirda, jamoalarning umumiy to‘plar nisbati solishtiriladi. Agar u ham teng bo‘lsa, ko‘proq gol urgan jamoa yuqoriroq o‘rinni egallaydi. Ochkolar va gollar ko‘rsatkichi ham mutlaqo bir xil bo‘lib, o‘rtada juda muhim narsa (evrokuboklar yo‘llanmasi yoki ligada jon saqlab qolish) turgan bo‘lsa, jamoalar o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra taqqoslanadi.
Va aynan shu yerda bir qiziq jihat bor — APLda o‘zaro o‘yinlar solishtirilganda, avval ochkolar, so‘ngra (agar zarur bo‘lsa) safarda urilgan gollar soniga qaraladi. Ya’ni, o‘zaro o‘yinlardagi to‘plar nisbati hisobga olinmaydi. Shu sababli, «Liverpul» va «Bornmut» o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlarda to‘liq tenglik mavjud — mersisaydliklar «Enfild»da 4:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, janubliklar «Vitaliti»da 3:2 hisobida ustun kelishgan.
Shu tariqa, agar jamoalar bir xil ochko jamg‘arib, gollar bo‘yicha ham mutlaqo bir xil ko‘rsatkichga ega bo‘lishsa, «Liverpul» va «Bornmut» Chempionlar ligasi chiptasi uchun qo‘shimcha o‘yinda maydonga tushadi. Bu holat «Liverpul» — «Brentford» va «Nottingem Forest» — «Bornmut» uchrashuvlari ma’lum bir hisoblar bilan yakunlansagina sodir bo‘lishi mumkin.
Misollar:
-
«Liverpul» — «Brentford» — 0:1, «Nottingem Forest» — «Bornmut» — 0:5;
-
«Liverpul» — «Brentford» — 1:2, «Nottingem Forest» — «Bornmut» — 1:6 va hokazo...
Bunday ssenariyning amalga oshish ehtimoli juda past, ammo nolga teng emas.