Turkiya Superligasining 28-turidan o‘rin olgan “Kojaelispor” hamda “Bashakshehir” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakuniga yetdi. Izmit shahridagi “Yildiz Entegre” stadionida kechgan bahsda jamoalar durang natija qayd etdi — 0:0.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. U maydonda faol harakat qilgan bo‘lsa-da, raqib darvozasiga yo‘l topa olmadi va 83-daqiqada Nunu Da Koshta bilan almashtirildi. Shu tariqa, Eldorning “Bashakshehir” safidagi barcha musobaqalar doirasidagi golsiz seriyasi 6 ta o‘yinga yetdi (“Konyaspor”, “Trabzonspor”, “Gyoztepe”, “Galatasaroy”, “Antalyaspor” va “Kojaelispor”. Shomurodov hozirda 16 ta gol bilan to‘purarlar jadvalida ikkinchi pog‘onani band etgan. “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu esa 22 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda.
Turnir jadvalida “Galatasaroy” 64 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “Fenerbahche” va “Trabzonspor” jamoalari esa 63 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab berishgan.
Istanbul klubining yana bir o‘zbekistonlik a’zosi Abbosbek Fayzullayev esa ushbu uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi.
Mazkur natijadan so‘ng “Bashakshehir” ochkolarini 44 taga yetkazib, turnir jadvalida 6-o‘rindan joy oldi. 34 ochkoga ega bo‘lib turgan “Kojaelispor” esa 8-pog‘onani band etgan.
Istanbul klubi navbatdagi uchrashuvini 11 aprel kuni o‘z maydonida “Genchlerbirligi”ga qarshi o‘tkazadi.
Turkiya Superligasi, 28-tur “Kojaelispor” — “Bashakshehir” 0:0