Peres: «Madridizm — bu mehnat, fidoyilik, kamtarlik, hurmat va hamjihatlikdir»
«Real Madrid» prezidenti Florentino Peres klubga 50 va 60 yil davomida a’zo bo‘lgan muxlislarga esdalik nishonlarini topshirish marosimida «qaymoqranglilar» ruhi va qadriyatlari haqida gapirdi.
«Bu bizning klubimizda o‘tkaziladigan eng hayajonli tadbirlardan biridir. Bu juda yoqimli lahza va ishonchim komilki, bu kunni siz hech qachon unutmaysiz. Ushbu tadbir sizning sadoqatingiz va ishingizga bo‘lgan fidoyiligingiz, eng muhimi, butun hayotingizni bizning «Real»imizga bag‘ishlaganingiz uchun minnatdorchilik bildirish maqsadida tashkil etilgan. Bugun siz 50-60 yil davomida klubimizning doimiy a’zosi ekanligingizni tasdiqlovchi oltin nishonlarni qabul qilib olasiz.
«Real Madrid» prezidenti sifatida barchangiz bilan cheksiz faxrlanaman. Bugun siz, shubhasiz, ota-onalaringiz, bobo-buvilaringiz, siz bilan birga madridizm ruhida yashashni o‘rgangan qarindosh va do‘stlaringizni eslaysiz. Sizga «Madrid»dan bo‘lish nimani anglatishini o‘rgatgan insonlarni xotirlaysiz.
Madridizm — bu hayotga bo‘lgan munosabat bo‘lib, u mehnat, fidoyilik, doimiy kamolotga intilish, kamtarlik, hurmat, muloqot va hamjihatlik bilan bog‘liqdir. Bu qadriyatlarning barchasi klubimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan».
Peres, shuningdek, klubning dunyodagi o‘rni haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
«Biz birgalikda klubimiz tarixining salmoqli qismiga guvoh bo‘ldik. Erishgan barcha yutuqlarimizga katta oila yaratganimiz sababli erishdik. «Real Madrid» — dunyodagi eng yaxshi, eng ko‘p sovrin yuvortgan, shuningdek, qadriyatlarimiz va biz yarata olgan birdamlik tufayli eng sevimli va hayratlanarli klubdir. Bu birdamlikni biz ham yaxshi kunlarda, ham eng og‘ir vaziyatlarda saqlab qola oldik», — dedi Peres.