Kiprda o‘tgan Nomzodlar turniri davomida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisora Asaubayevaning munosabatlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Bibisoraning o‘z sahifalariga joylayotgan suratlari va samimiy izohlari muxlislar orasida “ular shunchaki do‘stmi yoki o‘rtada jiddiy tuyg‘ular bormi?” degan savollarni keltirib chiqardi.
Ushbu xabarlarga Javohir Sindarovning bobosi Komiljon Sindarov ham o‘z munosabatini bildirdi. U nevarasi va qozog‘istonlik shaxmatchi o‘rtasidagi munosabatlar haqida fikr bildirdi.
“Bibisora — juda aqlli qiz. Men u bilan shaxsan gaplashganman, ular yoshligidan ko‘z oldimizda birga o‘sib ulg‘ayishdi. Javohir ham mulohazali inson, u o‘ziga munosib yor tanlayotganda, albatta, ko‘p narsalarga e’tibor beradi. Hozircha buni o‘sib borayotgan, balki vaqti kelib sevgiga aylanadigan do‘stlik deyish mumkin. Ular aynan sevish va sevilish yoshida. Biz ularni faqat qo‘llab-quvvatlaymiz, xolos. Bular bugun o‘z zakovati bilan dunyoni lol qilayotgan shaxmatchilar. Shuning uchun ularga faqat oq yo‘l tilaymiz. Agar ular bir qarorga kelishsa, biz oq fotiha berishga tayyormiz”, deydi Komiljon Sindarov.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindarov Kiprda bo‘lib o‘tgan Nomzodlar turnirida 10 ochko bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bibisora Asaubayeva esa ayollar turnirida 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sindarov 17 aprel, juma kuni Toshkentga qaytib keldi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.