«Marca» nashrining yozishicha, bu hafta Bernardu Silvaning «Atletiko»ga o‘tishini yakunlashda hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
Avvalroq «Barselona» yarim himoyachini erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvni yakunlashga yaqin ekani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, «Atletiko» futbolchiga moliyaviy jihatdan ko‘proq foydali shartlar taklif qilgan, biroq futbolchining asosiy orzusi va ustuvor maqsadi «ko‘k-anorranglilar» bo‘lib qolmoqda.
«Marca» ma’lumotlariga ko‘ra, shunga qaramay, madridliklar sport direktori Mateu Alemani o‘z rejasini amalga oshirishda davom etmoqda. Klub Antuan Grizmannning o‘rniga aynan Bernardu Silvani eng munosib nomzod sifatida tanlagan.
«Atletiko» portugaliyalik futbolchiga taqdim etgan asosiy ustunlik shundaki, u «Barsa» uchun hech qachon birinchi darajali nishon bo‘lmagan, Madridda esa u yetakchi rolni olishi mumkin. Shuningdek, Madridda yashash istiqboli Bernarduning «Manchester Siti»dagi sakkiz yillik faoliyatidan so‘ng Portugaliyaga yaqinroq bo‘lish istagiga mos keladi. Ushbu holatlar, Diyego Simeone boshchiligidagi klubning Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyati bilan birgalikda, portugaliyalik futbolchini «Atletiko»ni boshqa takliflardan, jumladan «Yuventus»dan ustun qo‘yishga majbur qildi.
Uning agenti Jorje Mendesh bilan muzokaralar Jahon chempionati arafasida yakunlanishi kerak edi, ammo madridliklar «Barselona»ning aralashuvini kutmagandi. Shunga qaramay, «Atletiko»da Bernarduga bo‘lgan qiziqish Xulian Alvares bilan bog‘liq voqealar fonida ikki klub o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlikning navbatdagi natijasi bo‘lishi mumkin deb hisoblashmoqda.