"Chelsi" sobiq himoyachisi Frank Lebyof London klubi safidagi Enso Fernandes va Moyzes Kaysedoni yetakchilik qobiliyati yo‘qligi uchun tanqid qildi.
"Jamoamizda liderlar yo‘q. Bizga darvozabon, markaziy himoyachi va yarim himoyachi chiziqlarida haqiqiy yetakchilar kerak. Kaysedo va Enso Fernandes — lider emas. Uzr-u, lekin men haqiqiy yetakchilarni ko‘rganman. Men maydon markazida Dennis Uayz, Kreyg Byorli va Roberto Di Matteo kabi futbolchilar bilan birga o‘ynaganman. Ular haqiqiy lider edilar. Hali Marsel Desayi, Stiv Klark kabi himoyachilar yoki Vialli, Gullit, Dzola kabi hujumchilarni aytmayapman — ular mening davrimda muvaffaqiyatga erishgan futbolchilar edi", — dedi Lebyof.
Shuningdek, sobiq futbolchi jamoaning hozirgi tarkibi borasida fikrlarini davom ettirdi:
"Men hatto Roman Abramovich davridagi jamoa haqida gapirib ham o‘tirmayman. Ammo hozirgi futbolchilar ayni damda "Chelsi"da o‘ynashga loyiq emas. Ular yetarlicha kuchli emas. Hozir nimani o‘zgartirish mumkin, bilmayman. Lekin keyingi mavsumda, iltimos, rahbariyat haqiqiy liderlarni sotib olsin. Aks holda, "Chelsi" hech qachon biz bilgan o‘sha kuchli jamoaga aylana olmaydi".
Ma’lumot uchun, Lebyofning ushbu intervyusi klub bosh murabbiyi iste’foga chiqarilishi haqidagi xabarlardan avvalroq ESPN FC telekanalida efirga uzatilgan edi.