Madridning «Real Madrid» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Ispaniya chempionati 33-turi doirasida «Betis»ga qarshi bo‘lajak uchrashuv haqida fikr bildirdi.
«Bu jamoa o‘tgan seshanba kuni juda muhim g‘alabaga erishdi. Shuningdek, ular tarkibiga jamoa uchun katta ahamiyatga ega futbolchilar qaytmoqda. «Betis» qanday jamoa ekanini, ularda qanday futbolchilar va qanday ajoyib murabbiy borligini tushuntirishga hojat yo‘q — men u kishiga katta hurmat va havas bilan qarayman. Bu biz uchun juda qiyin o‘yin bo‘ladi.
Bizning maqsad — «Barselona» qanday o‘ynashidan qat’i nazar, qolgan olti o‘yinning barchasida g‘alaba qozonish. Shu o‘yinlarda yaxshi o‘yin namoyish etishni, o‘sishni va La Ligada yaxshilash kerak bo‘lgan jihatlar ustida ishlashni istaymiz. Hozircha faqat navbatdagi o‘yindagi g‘alaba haqida o‘ylayapmiz. U yakunlangach, «Espanyol»ga qarshi bahsga e’tibor qaratamiz», — dedi Alvaro Arbeloa. Uning so‘zlarini klub rasmiy sayti keltirdi.
Ma’lumot uchun, «Real Madrid» 32 turdan keyin 73 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.